O‘zbekiston Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)dan jami qiymati 333,4 million dollar bo‘lgan ikkita kredit jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarorida qayd etilgan, deb yozmoqda “Gazeta.uz”
Hujjat loyihasiga ko‘ra, JICA quyidagi qarz mablag‘larini ajratishga rozilik bildirgan:
- O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi choralar ko‘rish uchun — 15 milliard yapon iyenasi miqdoridagi mablag‘larni 15 yil muddatga, shu jumladan, 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,01 foizda;
- “Rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish uchun — 195 million dollarni 25 yil muddatga, shu jumladan, 7 yillik imtiyozli davr bilan LIBOR stavkasi (6 oylik) bo‘yicha + yillik 1,1 foizda.
Agentlik energetika sohasida islohotlar matritsasini ishlab chiqqan bo‘lib, uni Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ amalga oshirishi kutilmoqda.
Markaziy bankni “pul o'tkazmalari jarayonini optimallashtirish” uchun O‘zbekiston moliyaviy agenti sifatida tayinlash rejalashtirilgan.
Ushbu hujjat loyihasi muhokamasi 20-martgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning davlat qarzi 2020-yil yakunlariga ko‘ra, 30,8 foizga oshib, 23,3 milliard dollarni tashkil qildi. 2021-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan 2 milliard dollar qarzi bor.
Izoh (0)