Toyota kompaniyasi Fudziyama tog‘i yaqinida o‘zining “aqlli” shahrini qurishni boshladi, deb xabar beradi Motor. Woven City yoki “To‘qima shahar” 70,8 gektar maydonni egallaydi va ikki ming kishi uchun boshpanaga aylanadi.
Toyota tomonidan quriladigan mazkur shahar maishiy yumushlarda yordam beradigan turli “aqlli” tizimlar uchun sinov poligoniga aylanadi: asosiy vazifasi datchiklar yordamida inson sog‘lig‘ini kuzatish orqali uning ehtiyojlarini qondiruvchi sun’iy intellektga ega robototexnikalar va uylar. Asosiy qurilish materiali — yog‘och, binolarning tom qismi esa quyosh batareyalariga ega “cherepitsa” bilan yopiladi.
Yapon markasining Xigasi-Fudzi nomli sobiq zavodi hududida quriladigan shahardan piyodalar va velosiped haydovchilari uchun ko‘chalar avtomobil yo‘llari bilan “chalkashib” ketadi. Shahar bo‘ylab vodorodda harakatlanadigan e-Palette uchuvchisiz boshqariladigan mashinalar harakatlanadi. Yuklar yerosti tunnellari bo‘ylab tashiladi.
Aholining dam olishi uchun bir nechta bog‘ va katta markaziy maydon bunyod etilib, u yerlarda turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi. Shahar dizayni ustida daniyalik arxitektor Byarke Ingels ishlagan, u bunga qadar Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi 2 va Kaliforniya hamda Londondagi Google shtab-kvartiralarini yaratishda loyihalari bilan tanilgan.
Shaharga ko‘chib o‘tadigan dastlabki guruh tarkibidan 360 nafar dasturchi, keksalar va kam farzandli oilalar o‘rin oladi. Ular shaharga yaqin besh yil ichida ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Keyinchalik shaharda Toyota xodimlari va ularning oilalari, shuningdek, sotuvchilar va muhandislar istiqomat qila boshlaydi.
Avvalroq Germaniyada avtomobillar kiritilmaydigan shahar qurilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)