Mo‘g‘ulistonda 23-fevral, seshanba kuni aholini COVID-19’ga qarshi emlash boshlandi. Mamlakat bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene birinchi bo‘lib vaksinani qabul qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

“Bugundan Mo‘g‘uliston aholisini ommaviy emlash boshlandi... Bosh vazir Oyuun-Erdene mamlakatda birinchi bo‘lib ikkinchi markaziy davlat klinikasida AstraZeneca vaksinasi bilan emlandi”, — deyiladi xabarda.

Fuqarolarni 16—18 yoshdan boshlab emlash rejalashtirilmoqda. Vaksinani birinchi bo‘lib “COVID-19 yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan” sharoitda ishlaydigan xodimlar oladi. Iyulga qadar ikki millionga yaqin kishini emlash rejalashtirilgan.

Mo‘g‘ulistonda to‘rtta kompaniya vaksinasidan foydalaniladi — Pfizer, Sinopharm, AstraZeneca va “Sputnik V”.

2021-yilning 9-fevral kuni Mo‘g‘uliston Sog‘liqni saqlash vazirligi tezlashtirilgan protsedura bo‘yicha Rossiyaning “Sputnik V” koronavirusga qarshi vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Ro‘yxatdan o‘tish mamlakat hududida qo‘shimcha klinik sinovlarsiz favqulodda foydalanish uchun tasdiqlanishi doirasida amalga oshirildi.

Avvalroq Venesuelada aholini “Sputnik V” vaksinasi bilan emlash boshlangan edi. 2020-yil noyabr oyida Venesuelada “Sputnik V” sinovdan o‘tkazilgan. Sinovda 2 ming kishi, shu jumladan, prezidentning o‘g‘li Maduro Gerra va uning opasi Mariya Tereza ishtirok etgan.