Avstraliyada 21-fevralda koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlandi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Greg Xant ABC kanali efirida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19’ ga qarshi birinchilardan bo‘lib bosh vazir Skott Morrison, bosh sanitar shifokor Pol Kelli va hamshiralar xizmati boshlig‘i Elison Makmillan emlangan. Emlash uchun AQSh va Germaniya kompaniyasining Pfizer/BioNTech vaksinasidan foydalanilgan.

“Bugun ikki nafar faxriy, qariyalar uyining bir necha xodimi, ilg‘or bo‘g‘in ishchilaridan iborat birinchi guruh emlanadi, — deb qo‘shimcha qilgan sog‘liqni saqlash vaziri.

Rejaga ko‘ra, Avstraliyada aholini emlash bo‘yicha asosiy dastur 22-fevralda boshlanadi. Dastlabki haftada hukumat mamlakatning 190 shahrida 60 mingga yaqin kishini emlash niyatida.

Umuman olganda, Avstraliya rahbariyati 150 million doza vaksina olish bo‘yicha shartnomalar imzolagan: AstraZeneca vaksinasidan 53,8 million doza, Novavax’dan 51 million doza, Pfizer/ BioNTech vaksinasidan 20 million doza va COVAX dasturi bo‘yicha boshqa ishlab chiqaruvchilardan 25 million doza vaksina.

Avvalroq Zimbabveda Xitoyning Sinovac kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlash boshlangani, Venesuelada aholini “Sputnik V” vaksinasi bilan emlash boshlangani, Peru aholisi Sinopharm vaksinasi bilan emlanayotgani, Bangladeshda ham koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlangani haqida xabar berilgan edi.