Rossiyaning COVID-19’ga qarshi “Sputnik V” vaksinasi Qirg‘izistonda rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar beradi “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.
“Qirg‘iziston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi huzuridagi Dori vositalari va tibbiy buyumlar departamenti tomonidan SARS-CoV-2 virusi chaqiradigan koronavirus infeksiyasi oldini olish uchun kombinatsiyalangan vektorli vaksina Gam-KOVID-Vak (‘Sputnik V’)ga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi berildi”, — dedi SSV matbuot xizmati vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilishi “tez orada koronavirus infeksiyasi oldini olish uchun aholini emlash” imkonini beradi.
Qirg‘izistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holatlar 2020-yil mart oyi boshida qayd etilgan edi. Ayni paytda kasallanish holatlari 86 mingdan oshgan, 1460 kishi vafot etgan.
“Sputnik V” Gamaleya nomidagi milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan va 2020-yil avgustida Rossiya SSV tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu vaksina COVID-19 profilaktikasi bo‘yicha dunyoda birinchisiga aylandi. “Sputnik V” o‘rganilgan va tekshirilgan odam adenovirus vektorlari platformasida yaratilgan. Avvalroq vaksina klinik tadqiqotlarining uchinchi bosqichi natijalari e’lon qilingan, unda “Sputnik V”ning yuqori samaradorligi va xavfsizligi tasdiqlangan edi — vaksina samaradorligi 91,6 foizni tashkil qildi. Vaksina koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning og‘ir holatlaridan to‘liq himoyalaydi. “Sputnik V”dan foydalanish 30 dan ortiq mamlakatlarda ma’qullangan.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga 17-fevral kuni ruxsat berilgan edi.
Qozog‘istonda 1-fevraldan Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasi yordamida koronavirusga qarshi emlash boshlangan. Shuningdek, Qozog‘iston o‘z hududida ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasini ham ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Izoh (0)