Andijonda Afg‘oniston urushi faxriylariga 1 million so‘mdan pul mablag‘lari tarqatildi, deb xabar beradi O‘zA.
Ma’lum qilinishicha, Andijonda Xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi harakatlarda qatnashgan Sobiq sovet qo‘shinlari harbiy kontingentining Afg‘onistondan olib chiqilganiga 32 yil to‘lganligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tgan.
Tadbir davomida viloyat hokimi faxriy jangchilarning har biriga 1 million so‘mdan, jami 100 million so‘m pul sovg‘a qilgan.
Ta’kidlanishicha, Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda birgina Andijon viloyatidan 5,3 ming nafar yigit qatnashgan. “Ular janglarda mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatib, aksariyati turli medal va ordenlar bilan taqdirlangan. Janglardan 673 nafar yigit nogiron bo‘lib qaytgan bo‘lsa, 152 nafariga esa ona yurtga tirik qaytish nasib etmagan”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Afg‘oniston urushida halok bo‘lgan 1514 nafar jangchi nomlari kiritilgan xotira kitobining taqdimoti o‘tkazilgan edi.
Izoh (0)