O‘zbekiston aholisining deyarli teng yarmi qishloq joylarda yashaydi. Shu sabab, bevosita sohada faoliyat olib bormasada, qishloq xo‘jaligiga taalluqli bo‘lgan har bir yangilik, o‘zgarish, joriy etilayotgan yangi ish usullari ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Chunki qishloq xo‘jaligi tepadan keladigan topshiriq asosida ekib-terib olinadigan soha, unda ishlaydiganlar ketmon chopishni bilsa bo‘ldi, degan tushunchalar allaqachon o‘tmishda qolgan.
Bugun o‘zgarishlar ko‘lami shu qadar ko‘pki, garchi qishloqda tug‘ilib, qishloqda yashayotgan bo‘lsada, sohada kechayotgan islohotlarni, yangiliklarni to‘liq bilaman, deb maqtanadigan odamni topish qiyin. Umuman, sohaga joriy qilinayotgan yangiliklar fermer va dehqonlarga manfaat keltirmas ekan, uning kelajagi yo‘qligi ayon. Qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masala bo‘lib turgan bugungi davr, qishloq xo‘jaligiga eng ilg‘or texnologiyalar, suvni tejaydigan biotexnologiyalarni, urug‘chilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishni talab qilmoqda.
Xo‘sh, qishloq xo‘jaligiga joriy qilingan klaster tizimining afzalliklari nimada? Bu savolga nafaqat ijobiy, balki salbiy javob beradiganlar ham bor. Bunga tabiiy holat sifatida qarashimiz kerak. Chunki qaysi sohani olib qaramang, hech bir yangilik qisqa muddatda ommaviylashib ketmasligi aniq. Ayniqsa, asriy an’analariga ega qishloq xo‘jaligi sohasida...
Shunday yangiliklardan biri – klaster tizimining joriy etilishi bo‘ldi. Xo‘sh, klaster o‘zi nima? Bu savolga jaydari tilda javob qaytaradigan bo‘lsak klaster, bu to‘planib ishni amalga oshirishdir. Bir paytlar, “O‘zbekiston jahondagi yetakchi paxta yetishtiradigan mamlakatlardan biri, biroq biz faqat xomashyo sotayapmiz, agar shuni ip-kalavaga, ip-kalavani matoga, matoni tayyor mahsulotga aylantirsak, qancha foyda olishimiz mumkin”, degan gap-so‘zlarni bot-bot eshitardik. Bu qishloq xo‘jaligida faoliyat olib borayotganlarning orzusi edi.
Xo‘sh, bu orzuni ro‘yobga chiqarish uchun nima qilish kerak edi? Bu savolning javobi oddiy emasdi. Buning uchun nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasini, soha bilan bevosita yoxud bilvosita bog‘liq bo‘lgan to‘qimachilik sanoatidan tortib, qishloq xo‘jalik texnikalarini ishlab chiqarish, urug‘chilik, kimyo sanoati va shunga o‘xshash yana qancha sohalarni isloh qilishga, ularni yangi ish usuliga o‘tkazib, muvofiq ishlashini ta’minlashga to‘g‘ri kelardi. Jahon tajribasi o‘rganib ko‘rildi. Fransiya va Niderlandiyada klaster tizimi o‘z samarasini ko‘rsatgan. Bejizga Niderlandiya qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dunyoda ilg‘or mamlakatlar qatorida tilga olinmaydi. Biroq ular tajribasi ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olinibdida, degan o‘yga bormang. Mutaxassislar e’tiroficha, O‘zbekistondagi klaster tizimi butunlay novatorlikka asoslangan o‘ziga xos tizim.
Ko‘zga tashlangan dastlabki yangilik shuki, avvallari fermerlar bevosita “O‘zpaxtasanoat” bilan shartnoma tuzib, ularni paxta tolasi bilan ta’minlab bergan. “O‘zpaxtasanoat”dan esa to‘qimachilik korxonalari paxta sotib olar edi. Endilikda fermer va to‘qimachilik korxonasi o‘rtasida uzviylik paydo bo‘ldi. Klaster tizimi ikkita yo‘nalishda tashkil qilindi. Birinchisi, fermerlar va to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida bevosita shartnoma, ikkinchisi, salmog‘i yuqori bo‘lgan to‘qimachilik korxonalari fermerlikni o‘zi shakllantirmoqda.
Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax industrial to‘qima” MChJ paxtachilik klasteri, umumiy 8971 gektar yer maydoniga ega 244 ta fermerlar bilan shartnoma imzolangan.
Qishloq xo‘jaligida klaster tizimining kelajagi porloq, — deydi sohada suyagi qotgan insonlardan biri, tumandagi “Charos Laziz” fermer xo‘jaligining rahbari Hasanboy Umarov. Fermerlarga ham manfaati katta. Oddiygina misol, kimyoviy o‘g‘it masalasida qancha sarson bo‘lardik. Hozir uning nafaqat tannarxi arzon tushayapti, balki dori sepadigan texnika bilan ham klaster ta’minlayapti. Ilgari har bir faoliyat uchun bankdan kredit olib, faoliyat olib borgan bo‘lsak, endi klasterdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, foizsiz mablag‘ olinayapti. Qolaversa, klaster tizimi bir kun yoki bir yilni o‘ylab qilinayotgan tizim emas. Xalqning bebaho boyligi — yer. Uning meorativ holatini yaxshilash, suvni tejash bo‘yicha boshlangan ishlar samarasi kelajakda katta samara berishi aniq. Masalan, birgina bizning fermer xo‘jaligimizda, joriy yilda 15 gektar yerda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etildi. Suv 30-40 foizgacha tejalyapti. Eng muhimi, dehqonning qadri ulug‘lanar ekan. Ilgarigidek, tizzagacha suv, loy kechib sug‘orish, degan gap yo‘q. Mutaxassis o‘zi qarab, muruvvatni burab ko‘zdan kechiradi. Bu tizimni butun qishloq xo‘jaligiga joriy qilish uchun fermerlar qancha kredit olishi kerak edi.
Fermer so‘zlariga qaraganda, ko‘pgina fermerlar klaster afzalliklarini anglab yetishdi. Qolaversa, yog‘ zavodini qurish va boshqa istiqbolli loyihalar ham ularni befarq qoldirmayapti. O‘z-o‘zidan tushunarliki, eng ilg‘or ish usuli ham sohani so‘nggi bir necha o‘n yillarda to‘plangan muammolar girdobidan olib chiqishga qodir emas. Buning uchun ham uquv, bilim, yangicha dunyoqarash, peshona teri evaziga qilingan halol mehnat va, albatta, fidoyilik talab qilinadi.
Keling, shu o‘rinda Jizzax viloyati misolida ba’zi bir misollarga to‘xtalib o‘taylik. Bugungi kunda viloyatda beshta paxta-to‘qimachilik klasterlari va bitta paxtachilik kooperatsiyasi mavjud. 78,1 ming gektar paxta maydonining 6,2 gektari bevosita klasterlarning o‘ziga, qolgan 71, 9 ming gektari fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida ajratib berilgan.
Ko‘zga tashlangan dastlabki holat. Yodingizdami, yaqin-yaqingacha, to‘rt-besh yil oldin ham paxta mavsumi butun respublika ahliga “hosil uchun kurash maydoni”ga aylanardi. Hozirchi? Ba’zilar hatto, paxta mavsumi qachon boshlanib, qachon tugaganini ham sezmay qoldi.
Bu yilgi yetishtirilgan paxta xomashyosini o‘tgan yilgi bilan solishtirganda, o‘rtacha 4,4 sentnerga oshib, 33 180 tonnani tashkil etganini ko‘rishimiz mumkin. Mashina terimi 26,6 foiz ko‘proq. Muvaffaqiyatlar omili anchagina. Ulardan biri, joriy yilda paxtachilikda 4 971 gektarda yoki 6,4 foiz maydonda tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Birgina Sharof Rashidov tumanidagi “Industrial to‘qima” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 3 762 gektarda yoki 40,4 foiz maydonda tomchilab sug‘orish ishlari amalga oshirildi.
Klasterlar tomonidan 59 kilometr uzunlikdagi irrigatsiya tarmoqlarida, 34,5 kilometr uzunlikdagi melioratsiya tarmoqlarida va 29 gidroinshoot 26 ta gidropostlarda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 borabardan ortiq demakdir. Klasterlar tomonidan jami 493 gektar shundan 365 gektar foydalanishdan chiqib ketgan yerlar foydalanishga kiritildi, 128 gektar yangi yerlar o‘zlashtirdi.
Ayni paytda paxta-to‘qimachilik klasterlarida uchta ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, 384 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ishlab chiqarish quvvatlarining jami soni 10 taga yetib, ularda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mazkur korxonalarda o‘tgan yili 315,7 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, shundan 86,8 milliard so‘mlik paxta tolasi ichki bozorga, 62,5 milliard so‘mlik ip-kalavadan 3,3 milliard so‘mlik ichki bozorga, 59,2 milliard so‘mlik eksportga chiqarildi.
2021-yilda klasterlar tomonidan qiymati 159,5 trillion so‘mlik 7 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu loyihalar amalga oshirilish natijasida 1300 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Biz klaster faoliyatiga oid ba’zi bir rasmiy raqamlarga to‘xtalib o‘tdik. Bundan klaster tizimining joriy etilishi sohadagi barcha muammolarni bartaraf etibdida, degan xulosa chiqarish yaramaydi. Ish bor ekan, muammolar ham yuzaga kelishi tabiiy.
Bir holat kishini ajablantiradi. Negadir yutuqlar, muvaffaqiyatlar shunday bo‘lishi lozimdek tabiiy qabul qilinadi. Biroq unutmaylik, ular ortida minglab odamlarning uyqusiz o‘tkazgan tunlari, fidokorona mehnatlari yotibdi. Qolaversa, qishloq hududlarda odamlarga doimiy daromad manbaiga aylangan yangi ish o‘rinlarining qiymati bebaho.
Sohada bevosita faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar fikricha, shaxsan prezident tashabbusi bilan paxtachilikda klaster faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi sohada tub burilish bo‘ldi.
Bahrom Mirzaqobilov,
O‘zLiDeP Jizzax viloyati kengashi matbuot kotibi
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)