Kanada hukumati koronavirus infeksiyasining yangi shtammlari tarqalayotgani sabab kelayotgan sayyohlar uchun ancha qattiq talablarni joriy etish bo‘yicha qaror qabul qildi — endilikda mamlakatga kelganlar COVID-19 yo‘qligiga test topshirishi kerak, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Mamlakatga kelayotganlar ma’lum bir mehmonxonada uch kungacha test natijasini kutishlari kerak. Bunda mehmonxona fuqaroning o‘z hisobidan qoplanadi, taxminlarga ko‘ra, bu 2 ming dollar atrofida bo‘ladi. Test natijasi salbiy chiqqanlar uy karantini rejimida ancha qattiq kuzatuv va nazorat ostida qolishi mumkin”, — deya Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning so‘zlarini keltiradi nashr.
Uning ta’kidlashicha, test natijasi ijobiy chiqqan fuqarolar ma’lum davlat muassasalarida karantinda qolishi kerak bo‘lib, ular COVID-19’ning yangi shtammi tashuvchilari emasligi tekshiriladi.
Shuningdek, Kanada bosh vazirining ma’lum qilishicha, mamlakatning Air Canada, WestJet, Sunwing va Air Transat aviatashuvchilari 30-aprelga qadar Karib havzasi davlatlari va Meksikaga parvozlarni to‘xtatadi. “Ular ayni vaqtda ushbu mintaqada bo‘lgan mijozlari bilan qayta reyslarni tashkillashtirish bo‘yicha kelishib olishlari kerak bo‘ladi”, — deydi Tryudo.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, 1-fevraldan boshlab yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha xalqaro reyslar faqatgina Kanadaning to‘rtta shahridagi aeroportlariga qo‘nishi kerak: Vankuver, Toronto, Kalgari va Moreal.
Kanadada pandemiya boshlanganidan buyon qariyb 770 ming kishida koronavirus tasdiqlangan bo‘lib, virus asoratlari oqibatida 20 mingga yaqin kishi vafot etgan, 694 ming bemor sog‘aygan.
Avvalroq dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 100 million kishiga yetgani, Norvegiyada koronavirus sabab mamlakatga kirish yopilgani hamda Peruda 31-yanvardan yangi lokdaun joriy qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)