Moskvaning “Spartak” klubi va Rossiya terma jamoasi sobiq himoyachisi Yevgeniy Makeyev faoliyatini O‘zbekiston chempionatida davom ettiradi.
31 yoshli futbolchi “Rosich” nomli havaskor klub safidan Bekobodning “Metallurg”iga o‘tdi. Bu haqda moskvaliklar klubi rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Hozircha “Metallurg” futbolchi bilan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qilmadi. Avvalroq bekobodliklar Makeyev jamoa ko‘rigidan o‘tayotgani haqida ma’lum qilgandi.
Makeyev futbol muxlislariga “Spartak” (2007—2017), “Rostov” (2017—2018) va “Sochi” (2018) jamoalaridagi faoliyati bilan tanish. U shuningdek, “Sheksna” (2006-2007), “Rotor” (2019) va “Ararat” (2019-2020) klublarida to‘p surgan. Uning so‘nggi jamoasi Rossiyaning uchinchi divizionida ishtirok etadigan “Rosich” havaskor klubi hisoblanadi.
Shuningdek, Makeyev Rossiya terma jamoasi safida uchta o‘yin o‘tkazgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)