G‘arbiy Susseks grafligida istiqomat qiluvchi ayol McDonald’sda navbatda turganlar ko‘pligidan “Maknonushta” xarid qilolmagach politsiyaga murojaat qilgan. Bu haqda Esquire xabar berdi.

Foto: Esquire

Ayol nonushta xarid qilish uchun uzoq vaqt kutgan. Uning navbati kelganida soat 11 dan o‘tib ketgan. Bu vaqtga kelib McDonald’sda nonushta tayyorlash to‘xtatilgan. Yarim soatdan keyin norozi mijoz restoran xodimlarini unga nisbatan nohaq munosabatda bo‘lganlikda ayblab politsiyaga shikoyat qilgan.

Mahalliy inspektor Darren Teylor Twitter sahifasida qo‘ng‘iroq qilgan ayolga qanday vaziyatlarda politsiyaga murojaat qilish kerakligi haqida tushuntirish berilganini ma’lum qilgan. Politsiya xodimlari jinoyat, baxtsiz hodisa, odamlarning yo‘qolishi va boshqa favqulodda holatlardagina ularga murojaat qilish kerakligi, fastfud singari bo‘lmag‘ur masalalar bilan ularni bezovta qilmaslikni iltimos qilgan.