Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida Xalq deputatlari viloyat Kengashining 22-yanvar kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida Buxoro boshqa viloyatlardan 10 yil orqada qolayotganini aytib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalariga to‘xtalib o‘tgandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Kun.uz”ning yozishicha, Prezident ijtimoiy-iqtisodiy sohalar qatorida qishloq xo‘jaligiga ham e’tibor qaratgan. Qishloq xo‘jaligi orqada ekanligi va davlat rahbarini mutlaqo qoniqtirmasligini ta’kidlangan. Yig‘ilishda sohaga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar ogohlantirilgan.

“Qishloq xo‘jaligimiz juda orqada. Shaxsan meni mutlaqo qoniqtirmaydi. Buxoro qishloq xo‘jaligida suvni ikki barobar ko‘p ishlatyapti. Bu suv qancha mehnat bilan yetib kelayotganini bilasizlarmi? Juda ko‘p elektr energiyasi sarflayapmiz.Suvni tejashni qachon o‘rganamiz? Tomchilatib sug‘orishni qachon kengaytiramiz? Men Xo‘jayevni [qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev — tahr.] qattiq ogohlantirdim. Agar eplay olmasa ishdan olaman. Yaqinda ikki vazirni ishdan oldim, buni ham olaman”, — degan Prezident.

Davlat rahbari sentabr oxirlarida bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Shuhrat G‘aniyevni ham ogohlantirgan.

“Qishloq xo‘jaligimiz ham qoniqtirmaydi. Haligacha sobiq ittifoq uslubida ishlayapmiz. Men 1993-yilda Yevropaga borganimda ko‘rganman, tuproqqa tushadigan har bir tomchi suv, har gramm o‘g‘itning aniq hisob-kitobi bor. Biz qachon hosildorlikni, daromadni ko‘paytiramiz?! G‘aniyevni [bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev — tahr.] ham ogohlantirdim, tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, ishdan ketadi”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, Prezident 15-yanvar kuni Yunusobod mahallalari faollari va yoshlar bilan uchrashuvda, rahbarlar “aravani tortmasa, ketishi kerak” deb aytgan. Davlat rahbari 10 kun ichida ikki vazirning (uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov) ishdan olganini, qolaversa, bir qancha vazir o‘rinbosarlari — suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Bahodir Ro‘ziboyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari Saidkamol Xodjayev va Botirjon Sulaymonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov, transport vaziri o‘rinbosari Davron Dehqonovning lavozimidan ozod qilinganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, yig‘ilish davomida Prezident bosh vazirning ikki o‘rinbosari “oxirgi hayfsan bilan zo‘rg‘a ishda qolgan”ini ham ma’lum qilgandi. O‘shanda kim haqida gap borayotganiga aniqlik kiritilmagan.