“Saygachiy” majmua buyurtmaxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonga sayg‘oqlar to‘dasi tushib qoldi, deb xabar bermoqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi.
2020-yilning fevral oyida ham sayg‘oqlar to‘dasi fotoqopqonga tushgandi. Qo‘mita so‘nggi besh yil ichida mamlakatda sayg‘oq populyatsiyasi uchramaganligi sababli bu o‘ziga xos muhim hodisa bo‘lganini aytgandi.
Bugungi kunga kelib sayg‘oq qisqarib borayotgan tur sifatida Xalqaro hamda O‘zbekiston qizil kitoblari ro‘yxatiga kiritilgan. Xususan, Ustyurt populyatsiyasi sayg‘oqlari qisqarib borayotganligi sababli uni saqlab qolish uchun zarur chora-tadbirlar qabul qilishni talab etadi.
Ma’lumot uchun, “Saygachiy” qo‘riqxonasi 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida joylashgan “Saygachiy” buyurtmaxonasi negizida tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil etilgan. Uning maqsadi alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy obyektlar va majmualarni o‘z hududida asl tabiiy holatda saqlashdan iborat.
Mazkur qo‘riqxona umumiy davlat ahamiyatidagi qo‘riqlanadigan tabiiy hudud sanaladi. 628 ming 300 gektar yer maydoniga ega qo‘riqxonaning alohida qo‘riqlanadigan maydoni 219 ming 800 gektarni tashkil qiladi. Maydon 5 ta — Beleuli, Churuq, Almanbet, Duvana va Jiydeli hududlariga bo‘lingan.
2010-yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida sayg‘oqlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish va barqaror rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuv imzolangan.
Izoh (0)