Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 22-yanvar, juma kuni sodir bo‘lgan kuchli shamol bir qator binolar tomi va ayrim qurilmalarga zarar yetkazdi.
Xususan, shamol ta’sirida tuman markazi — Jomashuy shaharchasidagi mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi ma’muriy binosi tomi uchib ketib, elektr simlarining uzilishiga sabab bo‘lgan. Ushbu bino 2019-yilda ta’mirlangan bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Shuningdek, kuchli shamol “Tungi yog‘du” savdo majmuasi yonidagi ko‘p qavatli uylarning tomini ham uchirib ketgan. Yangi qurilgan binoning old qismi qulab tushgan.
Qayd etilishicha, voqea joyiga mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlar bo‘limi yetib kelib, holat yuzasidan tezkor shtab tuzildi. Ayni paytda shamol oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni zaruriy holatlarda ko‘chaga chiqmaslik, farzandlarini yolg‘iz qoldirmaslik haqida ogohlantirgan.
Avvalroq Andijonda ham qor bo‘roni sabab yuzaga kelgan ko‘ngilsiz hodisalar yuz bergani ma’lum qilingandi. Xususan, Andijon shahridagi “Ruboiy” kafesi oldidagi reklama banneri ustuni shamolda egilib ketgan. Bundan tashqari, Bog‘ishamoldagi eski mashina bozoridagi do‘konning tomi uchib ketib, Damas ustiga qulagan, Shahrixonda “Vatanparvar” tashkilotining tomi shamolda uchib ketib, Espero va Damas’ni bosib qolgan, Asakada bodring ekilgan issiqxonalarning plyonkasi uchib ketgan.
“O‘zgidromet” O‘zbekistonda haftaning ikkinchi yarmidan shamol tezligi kuchayib, qor yog‘ishini, shamol tezligi 17—22 metr/sekundni tashkil etishi, ba’zi joylarda 25—28 metr/sekundgacha yetishini ma’lum qilgandi. Toshkent IIBB poytaxtda kuchli shamol bo‘lishi kutilayotgani sababli aholini ogohlantirgandi.
Mavzuga doir: Foto: O‘zbekistonga qor bo‘roni yopirildi
Izoh (0)