“Paxtakor” hujumkor yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettiradi.
“Daryo” manbasining xabar qilishicha, 27 yoshli futbolchi Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi bilan shartnoma imzolagan.
Hozircha tomonlar bu haqda rasmiy ma’lum qilmadi.
Avvalroq “Championat.asia” Masharipov Ar-Riyod shahri klubi bilan kelishuvga erishgani haqida xabar qilgan, keyinchalik bu kelishuv barbod bo‘lganini ma’lum qilgandi.
“An-Nassr” Saudiya Arabistoni chempionati 2020/21-yilgi mavsumining 12-turida 14 ochko to‘plab, musobaqa jadvalining 11-pog‘onasida bormoqda. Ar-Riyod jamoasi 2019/20-yilgi mavsumda ligada 2-o‘rinni egallagandi. Shuningdek, jamoa Osiyo Chempionlar Ligasi 2020-yilgi mavsumida chorak finalga qadar yetib bordi.
Masharipov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2013-yilda bosh jamoada debyut qilgan. 2017-yilni “Lokomotiv”da o‘tkazgan futbolchi shu vaqtga qadar “sherlar” safida harakat qilib kelayotgandi.
Masharipov Superliga 2020-yilgi mavsumida 23 ta o‘yin o‘tkazib, 6 gol va 14 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)