Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi yana ikkita transferni e’lon qildi.
“Paxtakor”ni erkin agent maqomida tark etgan Javohir Sidiqov “temiryo‘lchilar” a’zosiga aylandi. Shuningdek, himoyachi Xurshid Muxtorov ham “Loko” safiga qaytgan.
Sidiqov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2016-yildan buyon Superligada to‘p surib keladi. Ma’lum muddat “Qo‘qon-1912”da ijara asosida harakat qilgan Sidiqov so‘nggi ikki mavsumni “sherlar” bilan o‘tkazgandi.
Muxtorov 2016-yilda “Lokomotiv”da to‘p surgandi. Keyinchalik futbolchi OKMK, “Nasaf” va “Navbahor”da harakat qildi. 2020-yilgi mavsumni namanganliklar safida o‘tkazgan futbolchi to‘rt yil o‘tib yana poytaxt klubiga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Lokomotiv” o‘z safini “Bunyodkor” yetakchilari Islom Qobilov va Sanjar Qodirqulov bilan kuchaytirgan, shuningdek, Sadriddin Abdullayev jamoaga qaytgandi. Yangi mavsumda jamoani portugaliyalik mutaxassis Mikael Sekeyra boshqaradi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)