Apple kompaniyasi foydalanuvchilar erkinligini cheklab qo‘yishi mumkin va shuning uchun ham xavfli hisoblanadi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”. Uning so‘zlariga ko‘ra, foydalanuvchilar erkin ma’lumotlar oqimidan foydalanishni istasa, iOS’dan Android’ga o‘tishi kerak.

Foto: TechCrunch

“Apple va Google erkinlik borasida Twitter’dan ko‘ra ko‘proq muammo tug‘diradi… Apple bular orasida eng xavflisi hisoblanadi, chunki u mobil dasturlardan foydalanish imkoniyatingizni to‘liq cheklab qo‘yishi mumkin”, — deb yozadi Durov o‘z blogiga.

Telegram asoschisining so‘zlariga ko‘ra, Apple’dan farqli o‘laroq Android’larga apk-fayllar orqali shaxsiy mobil dasturlarni o‘rnatish mumkin. “Mana shuning uchun ham foydalanuvchilarni iOS’dan Android’ga o‘tishga chaqiraman — bu ular erkin ma’lumotlar oqimidan foydalanish imkoniyatini saqlab qolishi uchun qila olishi mumkin bo‘lgan eng kam narsa”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Avvalroq Apple kompaniyasi o‘zining mobil dasturlar do‘koni — App Store’dan Parper ijtimoiy tarmog‘i ilovasini o‘chirib tashladi. Ta’kidlanishicha, undan AQSh prezidenti Donald Tramp tarafdorlari keng foydalangan.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov 2020-yilning iyunida ham App Store va Google Play’dan mobil ilovalarni o‘rnatishdan voz kechishga chaqirgan edi.