Telegram asoschisi Pavel Durov App Store va Google Play orqali o‘rnatilgan mobil ilovalarni sotib olish uchun 30 foizlik ustama haq olinishi sababli Apple va Google’ni tanqid qildi. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Foto: Getty Images

“Apple va Google dunyodagi har bir mobil telefonda sotiladigan barcha raqamli mahsulotlar uchun 30 foiz soliq undiradi. Natijada foydalanuvchilar yuqori narxlarda pul to‘laydi, startaplar va butun sanoat yemriladi yoki hech qachon paydo bo‘lmaydi. Regulyator bunday holatga 10 yildan beri ko‘z yumib kelmoqda”, — deydi u.

Pavel Durov muammoni hal qilish uchun ilovalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki boshqa ilova do‘konlari orqali o‘rnatishni taklif qildi.

Shuningdek, u bir necha yillardan beri Android telefonlaridan foydalanib kelishini, chunki ushbu operatsion tizim uchinchi tomon dasturlarini o‘rnatishga imkon berishini, ammo endi Google bu jarayonni murakkablashtirishga harakat qilayotganini ta’kidladi.

“Ushbu kompaniyalarning milliardlab odamlar erkinligini cheklashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, — deydi Durov.