Telegram messenjeri va “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov Apple’ning yangi mahsuloti — iPhone 12 Pro’ni tanqid qildi, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Durov Telegram’dagi o‘zining rasmiy kanalida iPhone 12 Pro borasidagi shaxsiy taassurotlari bilan bo‘lishgan. U yangi modelni juda bahaybat, 2012-yilda ishlab chiqarilgan iPhone 5’ning katta versiyasi, biroq kameralar bloki va moduli korpusdan bo‘rtib turuvchi “xunuk” deb atagan. O‘sha “mashhur” qosh, butun qurilma maydonining ekran maydoniga nisbatan kamligi asosida hosil qilingan keng hoshiya va qurilmaning umumiy eskirganligi hissi ham e’tibordan chetda qolmagan.

Bundan tashqari, Durov kompaniya Stiv Jobs vafot etganiga 9 yil o‘tgan bo‘lsa-da “u tomonidan yaratilgan texnologiya va obro‘ evaziga yashab, biror ko‘zga tashlanarli innovatsiyani amalga oshirmagani”ni aytib o‘tgan. Shuningdek, u yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar sabab 2020-yil boshida iPhone’lar savdosi 21 foizga tushib ketgani ajablanarli emasligini ta’kidlagan. “Agarda ushbu tendensiya saqlanib qolsa, 7—10 yildan keyin iPhone’ning jahon bozoridagi ulushi u qadar katta bo‘lmaydi”, — deydi Durov.

Avvalroq DxOMark mutaxassislari iPhone 12 Pro Max’ning asosiy kameralari ustida o‘tkazilgan testlarning batafsil hisoboti bilan bo‘lishgandi. Unga ko‘ra, iPhone 12 Pro Max flagmani Apple’ning eng yaxshi “kamerafon”iga aylangan, biroq u DxOMark reytingida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.