Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini (ESSh) tuzish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In o‘z murojaatida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
“Biz Filippin, Kambodja va O‘zbekiston bilan ESSh muzokaralarini tezlashtirish orqali Yangi Janubiy va Yangi Shimoliy siyosat bo‘yicha almashinuv va hamkorlikni kengaytiramiz”, — dedi prezident.
O‘tgan yilning iyul oyi oxirida Seulda ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risida bitim bo‘yicha jamoatchilik tinglovi bo‘lib o‘tgan edi.
Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,755 milliard dollarni (import — 2,661 milliard dollar, eksport — 93,6 million dollar), 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida — 1,599 milliard dollarni (import — 1,565 milliard dollar, eksport — 34,1 million) tashkil etgan.
Avgust oyida Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seulga 2020-yil oxirigacha tashrif buyurishi mumkinligi haqida xabar bergan edi, ammo tashrif amalga oshmadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan edi. 2019-yil aprel oyida prezident Mun Chje In O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Izoh (0)