Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings Limited kompaniyasi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish ishlarini 2021-yilning oxirgi choragigacha tugatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma’lum qilindi.

Foto: O‘zA

Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati 119 million AQSh dollarga teng. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilishi rejalashtirilgan loyihani Rossiyaning USM Holdings Limited kompaniyasi moliyalashtirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yili Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, mazkur markaz qurilish loyihasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari markaz qurilishiga Alisher Usmonov ko‘mak berayotganini tashrif davomida ma’lum qilgandi.

“Vatandoshimiz Alisher Burhonovich Usmonov biz bilan hamkorlik qilib, katta madad bo‘lyapti. Vatandoshimizning shunday bir katta ko‘mak ko‘rsatishi tarixda qolishi kerak. Bu bino o‘zbek millatining tarixida qolishi kerak”, – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga 8 million AQSh dollariga teng bo‘lgan nodir kitoblar kolleksiyasini sovg‘a qilgandi.