Rossiyaning poytaxti Moskva shahridagi ekzotik jonzotlar do‘konining xodimi TikTok tarmog‘iga yangi uy hayvonlari aks etgan bir nechta videolarni joylashtirib, foydalanuvchilarni qo‘rqitib yubordi, deb yozadi Esquire.
Frinlar – “ingichka oyoqli o‘rgimchak” deb ham ataladi. Tashqi ko‘rinishidan ular uzun va ingichka oyoqlari bilan o‘rgimchaklarga o‘xshaydi, ammo frinlarda zahar bezlari mavjud emas. Shuningdek, frinlarda sakkizta emas, oltita oyoq bor. Ularning uzun tirnoqlari va mo‘ylovlari bo‘lib, taxminan 10-15 yil yashaydi.
“Frinning kattaligi 30 santimetrni tashkil etib, yashash uchun ko‘p joy egallamaydi. Bundan tashqari haftasiga bir yoki ikki marotaba chigirtka bilan oziqlanadi. Frin mebel yoki devorga zarar ketirmaydi, pardalarni g‘ajimaydi. Shuningdek, uydagi insonlarga ham ozor bermaydi.”, − deydi frin egasi o‘z videosida.
G‘ayrioddiy ko‘rinishga ega ushbu hasharot “Garri Potter va Alanga kubogi” filmida ham mashhurlikka erishgan. U filmda Grum kechirilmas afsunlar haqida gapirayotganida paydo bo‘lgan.
TikTok foydalanuvchilari frin haqidagi ilk videolarda “Garri Potter” filmida ko‘rinish bergan hasharotdan qo‘rqib, shikoyat qilgan. Ko‘pchilik uni chaqishi yoki yo‘qligi haqida ham so‘ragan. Ammo xodim ularga javoban “umuman chaqmaydi, xavf paydo bo‘lsa, qochib ketadi” deya javob berdi. Ba’zilar esa uni “orzu” deb ham nomlagan va bu kabi hasharotga g‘amxo‘rlik qilish istagini bildirgan.