Yaponiya mamlakatda koronavirusning yangi turi aniqlangani sababli o‘z chegaralarini yopishni ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: Reuters

Qayd etilishicha, mamlakatga kirish 2020-yil 28-dekabrdan 2021-yil yanvar oxirigacha taqiqlanadi. Yaponiya fuqarolari va mamlakatda yashash ruxsatnomasini olgan chet elliklar mamlakatga qaytishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, 26-dekabr holatiga ko‘ra Yaponiyada koronavirusning yangi shtammi bilan kasallanishning yettita holati aniqlandi. Ulardan bir kishi kasallikni mamlakat hududida yuqtirgan.

Shuningdek, 26-dekabr kuni Yaponiyada 3877 ta koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakatda koronavirus bilan chalinish bo‘yicha kunlik rekord ko‘rsatkichlar qatorasiga to‘rtinchi kun kuzatilmoqda. Pandemiya boshidan beri Yaponiyada 219 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlangan.

Koronavirusning yangi shtammi

Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.

Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da ham shunga o‘xshash mutatsiyadagi virus topilgani haqida xabar berilgan edi. Virusning yangi varianti hozirgi vaksinalar hosil qiladigan immunitetdan kuchliroq bo‘lishi mumkin, degan taxminlar uchun hozircha biror-bir asos yo‘q. Buyuk Britaniya 8-dekabr kuni G‘arb mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan dori vositasi bilan ommaviy vaksinatsiya qilishni boshlagan edi.

Yevropaning bir qator mamlakatlari — Niderlandiya, Belgiya, Avstriya va Italiya kabilar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishini e’lon qilib ulgurdi. Irlandiya, Fransiya va Germaniya, shuningdek, Isroil ham shunday qaror qabul qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bild nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan Buyuk Britaniyadan Yevroittifoqqa parvozlarni 20-dekabr oqshomidan to 2021-yil 6-yanvarigacha muvofiqlashtirilgan holda taqiqlash bo‘yicha kelishishni rejalashtirmoqda. Keyinroq Yevropada koronavirusning yangi turi aniqlandi.

Yangi shtamm sabab Saudiya ArabistoniRossiya va 20 dan ortiq mamlakat aviaqatnovlarni chekladi. Shu jumladan, O‘zbekiston ham yetti davlat bilan aviareyslarni to‘xtatdi.

BioNTech 6 hafta ichida koronavirusning yangi shtammiga qarshi vaksina yaratishga tayyorligini ma’lum qildi.

Keyinroq Daniya va Braziliyada koronavirusning yangi mutatsiyalari aniqlandi. Britaniyaning o‘zida ham koronavirusning yana bir yangi shtammi aniqlandi. Shu bilan birga, Germaniya va Shveysariyada koronavirusning “britancha shtammi”, Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi qayd etildi.

26-dekabr kuni koronavirusning “britancha shtammi” Fransiya va Yaponiyada ham aniqlandi.