Germaniya va Shveysariyada Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirus shtammi bilan kasallangan ilk bemorlar qayd etildi, Afrikaning Nigeriya davlatida esa umuman boshqacha shtamm aniqlandi.

Foto: Getty Images

Germaniya janubi-g‘arbida, Baden-Vyurtembergda bir ayolga koronavirusning yangi, Buyuk Britaniyada aniqlangan shtammi tashxisi qo‘yildi. U Buyuk Britaniyadan Germaniyaga Frankfurt-Mayn aeroporti orqali uchib kelgan. Ayol ayni paytda o‘zini o‘zi yakkalab, uyda o‘tiribdi.

Infeksiya barcha yo‘lovchilar testdan o‘tkazilganidan keyin aniqlangan. Ertasi kuni, 21-dekabrda ayol yana bir marta test topshirgan, uning natijasi koronavirusning yangi shtammi borligini tasdiqlagan. “Shu kuniyoq ayolda kasallikning yengil simptomlari paydo bo‘ldi. U yaqin muloqotda bo‘lgan uch kishi ham karantinda o‘tiribdi”, — deyiladi Baden-Vyurtemberg o‘kasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Shveysariyada esa ikki nafar Buyuk Britaniya fuqarosida koronavirusning yangi shtammi aniqlandi, bu ushbu mamlakatdagi birinchi shunday holat bo‘ldi. “Shveysariyada koronavirusning Buyuk Britaniyada aniqlangan yangi varianti ikkita tahlil namunasidan chiqdi. Bu odamlar Buyuk Britaniyada yashaydi, ularning Shveysariyada topshirgan testi musbat natija berdi”, — deyiladi mamlakat Jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash federal boshqarmasi xabarida.

Kasallanganlarning bittasi va u bilan muloqotda bo‘lgan odamlarning barchasi vaziyatdan xabardor qilingan va ular o‘zini o‘zi yakkalash rejimida. Ikkinchi odam bilan bog‘lanishga urinishmoqda.

Nigeriyada esa koronavirusning butunlay yangi shtammi aniqlandi, u virus mutatsiyasining alohida shakli bo‘lib hisoblanadi.

“Bu Buyuk Britaniya va Janubiy Afrikadan alohida yo‘nalish”, — dedi Afrika kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi direktori Jon Nkengasong. U masala qo‘shimcha tekshiruvlarni talab qilishini aytdi.

Yangi shtamm Nigeriyada koronavirusga chalinishlar soni o‘sishi fonida aniqlangan. So‘nggi bir hafta ichida mamlakatda kasallanish holatlari 52 foizga, butun Janubiy Afrikada esa 40 foizga ko‘paygan. Ammo kasallanish holatlarining ortishiga aynan yangi shtamm sababchi bo‘lgani borasida hech qanday dalillar yo‘q, deya ta’kidladi Nkengasong.

Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.

Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da ham shunga o‘xshash mutatsiyadagi virus topilgani haqida xabar berilgan edi. Virusning yangi varianti hozirgi vaksinalar hosil qiladigan immunitetdan kuchliroq bo‘lishi mumkin, degan taxminlar uchun hozircha biror-bir asos yo‘q.