Daryo

Koronavirusning “britancha” shtammi Fransiya va Yaponiyada ham aniqlandi

Virusni yuqtirib olgan fuqarolarning barchas Buyuk Britaniyada bo‘lib qaytgan

1 daqiqa o‘qish39 522 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Reuters

Dastlab Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi Yaponiya va Fransiyada ham qayd etildi. Ushbu mamlakat hukumatlari ilk kasallanish holatlari aniqlanganini ma’lum qilgan, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Reuters

Le Parisien gazetasining Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga tayanib yozishicha, koronavirusning “britancha” shtammi bilan birinchi kasallanish holati Tur shahrida qayd etilgan. Virusni yuqtirib olgan fuqaro fransiyalik bo‘lib, u 19-dekabr kuni Londondan mamlakatga qaytib kelgan. Bemorda kasallik belgilari yo‘q bo‘lib, hozirda u karantinga joylashtirilgan.

Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligi esa yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha beshta holat qayd etilganini ma’lum qildi. Ularning barchasi Buyuk Britaniyadan kelgan bo‘lib, hozirda barchasi izolyatsiyaga olingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi byurosi direktori Xans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi shtammi Yevropaning sakkizta mamlakatida aniqlangan.

“Yevropadagi sakkizta mamlakatda COVID-19 qo‘zg‘atuvchisining yangi varianti — VOC-202012/01 qayd etildi”, — deb yozadi Klyuge. Uning ta’kidlashicha, virusning yangi varianti oldingisidan farqli o‘laroq, aholining yosh qatlami orasida tarqalmoqda.

JSST vakili dunyo mamlakatlarini virus tarqalishini oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirishga, jumladan, niqob taqish va ijtimoiy masofalanishni nazorat qilishga chaqirgan.

Mavzuga doir: Germaniya va Shveysariyada koronavirusning “britancha” shtammi, Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi aniqlandi

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar