O‘zbekistonda internet OAV vakillari va blogerlar veb-sahifalariga qonunga zid sharhlar yozilganda ularni aniqlash va zudlik bilan o‘chirib yuborish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-sentabrdagi 707-sonli qaroriga qo‘shimchalar kiritilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hukumatning 23-dekabrdagi 807-sonli qarori bilan veb-sayt, guruh va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, tartibning amal qilishi O‘zbekiston hududida foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan axborot resurslariga nisbatan tatbiq etiladi.
Tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi tomonidan axborot resurslarida O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlar aniqlanganda markaz tomonidan 24 soatdan kechiktirmasdan axborot resurslari egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.
Xabarnoma markazning rasmiy axborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi. Unda O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot joylashtirilgan axborot resursining nomi, axborot joylashtirilgan sana ko‘rsatiladi; taqiqlangan axborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda ushbu axborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilishi mumkin.
Axborot resursi egasi (bloger) xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlashi, shuningdek, bu to‘g‘risida markazni uning rasmiy axborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida xabardor qilishi lozim.
Agar O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot ushbu tartibning 6-bandida ko‘rsatilgan muddatda axborot resursi egasi tomonidan olib tashlanmasa, u holda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ushbu axborotni olib tashlash bo‘yicha O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.
Taqiqlangan ma’lumotlar kontentiga quyidagilar kiradi:
- O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
- urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
- davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
- giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
- pornografiyani targ‘ib qilish;
- qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan harakatlarni sodir etish.
Izoh (0)