O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 2020-yilning 9 oyi davomida tele va radiokanallarga, bosma va internet nashrlariga 90 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborgan. Bu haqda agentlik tomonidan ma’lum qilindi.
“Har qanday jamiyatda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash jarayonida muammolar bo‘lishi tabiiy. Jahon amaliyotida biror-bir axborot vositasi qonunbuzarlik sodir etsa, uning faoliyatini sudga oshirish, turli jarimalar va hattoki faoliyatini to‘xtatib turishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi kuzatiladi. Bugungi sharoitda AOKA endigina oyoqqa turayotgan mustaqil OAVni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanmoqda va o‘z vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qo‘llamay kelmoqda”, — deyiladi agentlik bayonotida.
AOKA tomonidan ta’kidlanishicha, rasmiy maqomga ega bo‘lgan 1777 ta axborot subyektiga nisbatan birdek yondashilmoqda.
Bayonotda ma’lum qilinishicha, 2020-yilning o‘tgan 9 oyida jami 90 ta — shundan televideniye va radioga 39 ta, jumladan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi telekanallar faoliyatiga oid 20 ga yaqin, “Zo‘rTV” telekanaliga 7 ta, “Sevimli” telekanaliga 5 ta, davriy bosma nashrlarga 29 ta, jumladan, “Ishonch” gazetasiga 1 ta, “So‘g‘diyona” gazetasiga 1 ta, “Bekajon plyus” gazetasiga 1 ta, “Teatr” jurnaliga 1 ta, internet nashrlariga 22 ta, jumladan, “Effect.uz” saytiga 3 ta, “Nova24.uz”, “Qalampir.uz” va “Repost.uz” saytlariga 2 tadan taqdimnomalar kiritilgan.
Agentlik bayonotiga ko‘ra, 2019-yilda jami 150 ta — shundan tele va radiokanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgan.
Agentlik, shuningdek, shu kungacha birorta ham OAV ma’muriy, moliyaviy yoki jinoiy jazoga tortilmagani, biroq bundan xulosa chiqarilmasa, qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
AOKAning ma’lum qilishicha, agentlik huquqlari buzilgan jurnalistlarni himoya qilish masalasiga ham e’tibor qaratmoqda. 2020-yilning o‘zida o‘n nafarga yaqin jurnalist va blogerga nisbatan qarshilik ko‘rsatish, axborot tarqatganlik uchun asossiz so‘roqqa tutish kabi holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Farg‘ona viloyati hokimligiga jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilishni zudlik bilan to‘xtatish, aybdorlarni belgilangan tartibda jazolash, bunday holatlar takrorlanishiga boshqa yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida yozma talabnoma va murojaatlar yuborilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda OAV xodimlari, jurnalistlar media-makonda o‘z haq-huquqlari, bahsli hodisalar bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishib, shu fikrlar yuzasidan malakali yuristlar, advokatlar xulosasini olib borishlari uchun yangi platforma yaratilishi haqida xabar berilgandi.