Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarorini muhokamaga qo‘ydi.
“Gazeta.uz”ning yozishicha, hujjat bilan neft-gaz va atom sanoatidagi import qilinadigan uskunalar, xususan, neft yoki gaz konlarini burg‘ulash uchun aylanma, nasos/kompressor va burg‘ulash quvurlari uchun bojlar va QQSni bekor qilish taklif etilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikalarining ayrim turlarini import qilish uchun imtiyozlar berilishi kutilmoqda. Bunday texnikalar qatoriga sog‘ish moslamalari va apparatlari, sutga ishlov berish va sutni qayta ishlash jihozlari, hayvon ozuqalari tayyorlash uskunalari, urug‘, don yoki quruq dukkakli ekinlarni tozalash, navlarga ajratish yoki tuksizlantirish mashinalari, un tortish sanoatiga oid jihozlar, oziq-ovqat mahsulotlari yoki ichimliklarni, mol yog‘i yoki uchuvchan bo‘lmagan moylarni olib tashlash yoki sanoat yo‘li bilan tayyorlash uchun jihozlar kiritilishi mumkin.
QQSdan bosma va to‘qimachilik sanoatidagi asbob-uskunalar — bosma mashinalar, bosib chiqarish jarayonida qo‘llaniladigan qo‘shimcha mashinalar, sun’iy to‘qimachilik materiallarini ekstrudirlash, cho‘zish, teksturlash yoki kesish uchun mashinalar ham QQSdan ozod qilinishi mumkin. Ushbu ro‘yxatga trikotaj, to‘qish-tikish mashinalari va boshqa mashinalar kiritilishi rejalashtirilgan.
Ushbu hujjat loyihasi muhokamasi 2021-yilning 1-yanvarigacha davom etadi.
Izoh (0)