O‘zbekistonda tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, balki ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borish kerak. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 18-dekabr kuni Toshkent Yoshlar forumining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida fikr bildirdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Forum dasturiga ko‘ra, 19-dekabr kuni Tashkent City Congress Hall’ning “Sag‘bon darvoza” zalida TikTok va Instagram yulduzlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Matbuot anjumanida jurnalistlar bu uchrashuvdan nima maqsad ko‘zlangan, degan savol bilan mutasaddilarga murojaat qilgan.

TikTok’ni internet olamining bir qismi deb bilaman. Internetda blogerlar ham bor, jurnalistlar ham bor, tiktokerlar ham bor. Ularni bir-biridan, ya’ni etni tirnog‘idan ajratib bo‘lmaydi. Yurtimizda tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borishimiz kerak. Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatib, qilayotgan ishlaridan samarali foydalansa bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Menimcha, har narsaga taqiq qo‘yish rivojlanayotgan demokratik davlatga hos narsa emas. Ular bilan birga ishlaymiz, ularga tayanch bo‘lamiz, ularni himoya qilamiz. Bugun ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinayotgan tiktokerlar ertaga ahamiyatli shaxsga aylanib qolishi hech gap emas. Biz ularning yonlarida tayanch bo‘lsak, bas.

Jahongir Ortiqxo‘jayev, Toshkent shahar hokimi