Sirdaryo viloyatida daraxtlar noqonuniy kesilgani aniqlandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib.
Xabarga ko‘ra, 15-dekabr kuni Oqoltin tumani S.Siddiqov SIU hududida Sirdaryo The Capital fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.S ko‘rsatmasi bilan, yollanma ishchilar tomonidan 53 santimetr, 39 santimetr, 42 santimetrlik 5 dona turong‘il; diametri 83 santimetrlik 1 dona qayrag‘och hamda diametri 21 santimetrlik 1 dona tol daraxti kesilgan.
Ma’lum qilinishicha, davlat inspektorlari tomonidan voqea joyida huquqbuzarlarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar 113 million so‘mga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrga qadar moratoriy joriy etilgan edi. Ushbu hujjat bilan moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga ruxsat berishi man etilgan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy qilingan moratoriy muddatini 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha hukumatga taklif kiritgan.
Avvalroq Toshkent viloyatidagi to‘qayzorda 52 ta daraxt kesilgani, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 444 million 773 ming so‘mga baholangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)