Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Dastur quyidagi 3 bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqich – 2020–2021-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
- ikkinchi bosqich – 2022–2023-yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;
- uchinchi bosqich – 2024–2025-yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning intellektual salohiyati o‘sishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan Dasturni 2020–2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, nashriyotlar tomonidan yozuvchilarga ajratiladigan gonorar masalasini takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Izoh (0)