Qoraqalpog‘istonning “Aral” klubi 2021-yilgi mavsumdan Superliga ishtirokchisiga aylantirilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Biror bir quyi ligadagi klubning oliy divizionga sun’iy ravishda o‘tkazilishi — halol sport prinsiplarining shunchaki parchalab tashlanishiga yaqqol dalil. O‘zbek futboli uchun esa bu go‘yoki an’anaga aylangan. O‘zbekiston chempionatida (yuqori divizion) hozirga qadar har xil istisnolar sabab ishtirokchilar soni 10 marta o‘zgartirilgan. “Aral” istisnosi sabab bu raqamlar yana o‘zgarishi mumkin. Quyida mazkur o‘zgarishlar tarixi haqida so‘z yuritiladi.
Ilk o‘zgarish 1997-yilgi mavsumda yuz beradi: 16 jamoadan iborat chempionat 18 talik tizimga o‘tadi. O‘sha yili ligani tark etishi kerak bo‘lgan “Xorazm” (o‘sha vaqtda “Dinamo” — izoh “Daryo”) va “Surxon” (ASK) jon saqlab qoladi. Birinchi ligadan esa “Chilonzor” va “Zarafshon” qo‘shiladi. Shuningdek, 14-o‘rinni egallagan “Mash’al” o‘rnini “Nasaf” egallaydi.
1998-yilgi mavsum yakuniga ko‘ra to‘rtta jamoa quyi ligaga ravona bo‘ladi va 1999-yildan yana 16 jamoalik tizimga qaytiladi. Ligani tark etgan jamoalar: “Dinamo” (“Afrosiyob”), “Chilonzor”, “Yangiyer” va “Atlaschi”.
1999-yilgi mavsum odatdagidek o‘tadi, so‘nggi o‘rinni olgan “Yangiyer” ligani tark etadi. Biroq 2000-yilgi mavsumda jamoalar soni bir yo‘la 20 taga yetkaziladi. Birinchi ligada dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan “Semurg‘”, “Kimyogar Chirchiq” va “Qizilqum” ko‘tarilishga erishadi. Shuningdek, 1-ligani 11-o‘rinda yakunlagan “Aral” (“Turon”) sun’iy ravishda oliy divizionga o‘tkaziladi. Undan ham qizig‘i, o‘sha yili birinchi ligada ishtirok etmagan “Guliston” ham Oliy Liga ishtirokchilari safiga kiritiladi, biroq Sirdaryo viloyatining bosh jamoasi o‘sha mavsumdayoq ligadan tushib ketadi. 2001-yilgi mavsum esa 18 jamoalik tizimda bo‘lib o‘tadi.
“Aral”, “Semurg‘” va “Kimyogar” 2001-yilgi mavsumdan keyin ligani tark etadi. Shuningdek, “Surxon” ham musobaqa bilan xayrlashadi va 2002-yilgi mavsum yana 16 jamoa ishtirokida bo‘lib o‘tadi.Ikki yil 16 jamoalik tizimda harakat qilingach, 2004-yilda “Do‘stlik” va “Qo‘qon-1912” badal pulini to‘lay olmagani uchun ligadan chetlatiladi. Shu bois musobaqa 14 jamoa bilan o‘tkaziladi.
2006-yilda yana 16 jamoalik tizimga qaytiladi, biroq bu safar hammasi sport reglamentiga amal qilingan holda amalga oshiriladi. Birinchi ligada dastlabki ikki o‘rinni egallagan “Andijon” va “Xorazm” to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy ligaga chiqadi. Oliy liganing so‘nggi ikkita o‘rinidagi jamoalar Birinchi ligada 3 va 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan klublar bilan o‘tish musobaqasida ishtirok etadi.
Shu tariqa 2006—2009-yillar mobaynida musobaqa 16 jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. 2009-yilgi mavsumda so‘nggi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan “So‘g‘diyona” va “Buxoro” ligani tark etadi, Birinchi ligadan esa jamoa olinmaydi.
Besh yil davomida 14 jamoa bilan o‘tkazilgan musobaqa 2015-yilda yana 16 talik tizimga qaytadi. Oliy ligani tark etishi kerak bo‘lgan “So‘g‘diyona” va “Andijon” o‘z o‘rnini saqlab qoladi, Birinchi ligadan esa dastlabki ikki o‘rin egasi “Sho‘rtan” hamda “Qo‘qon-1912” oliy divizionga chiqadi.
2017-yilgi mavsum yakunlangach O‘zbekiston chempionatida inqilobiy o‘zgarish yuz beradi. Superliga nomini olgan musobaqani bir yo‘la to‘rtta jamoa tark etadi. “Dinamo” (12-o‘rin), “So‘g‘diyona” (13), “Sho‘rtan” (14) va “Obod” (16) ligadan chiqib ketadi.
Qizig‘i, 15-o‘rinni olgan “Neftchi” kelasi mavsum ligada ishtirok etadi. Aslida “Neftchi” yuqoridagi jamoalar ichida bo‘lishi kerak edi, biroq Birinchi liga chempionligini qo‘lga kiritgan “Sementchi” Superligadagi o‘rnini viloyatning bosh jamoasiga “bo‘shatib beradi” (Aniqrog‘i “Sementchi” jamoasi “Neftchi”ga aylantiriladi va orada quvasoyliklar klubi nomi yo‘q bo‘lib ketadi). Biroq Farg‘ona shahri jamoasi bu “ishonch”ni oqlay olmaydi va 2018-yilgi mavsumda 12 jamoa ichida so‘nggi o‘rinni olgan holda Pro-Ligaga ravona bo‘ladi.
12 jamoa ishtirokchidan iborat va o‘zgacha reglamentli Superliganing 2018-yilgi mavsumi qiziqarli o‘tadi. Barcha 2019-yilgi mavsum ham xuddi shu tariqa o‘tishiga ishonib turgan bir vaqtda, mavsumga qur’a tashlash marosimi boshlanishiga bir necha soat qolganda Superliga ishtirokchilari soni birdaniga 14 taga aylantirildi. “Surxon”ning ligaga “suqilishi” ortidan unga juft sifatida “Dinamo” ham Superliga yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 2019-yilgi mavsumda “Surxon” 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi, oliy divizionga yetarli tayyorgarlik ko‘ra olmagan “Dinamo” esa so‘nggi o‘rin bilan yana Pro-Ligaga tushib ketdi.
2020-yilgi mavsum 14 jamoa ishtirokida o‘tdi. “Buxoro” so‘nggi o‘rinni olib, musobaqani tark etgan bo‘lsa, uning o‘rnini Pro-Liga g‘olibi “Turon” egalladi. Superliganing 13-jamoasi “Andijon” o‘tish o‘yinida Pro-Ligada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Neftchi”ga qarshi bahs olib boradi.
Biroq 2021-yilgi mavsumda ham bizni “syurpriz” kutayotgani tobora oydinlashmoqda. Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi. Unda “Aral” futbol klubini Superliga ishtirokchisiga aylantirish haqida so‘z borgan. Agar ushbu qaror ma’qullanadigan bo‘lsa, bizni katta ehtimol bilan yana 16 jamoadan iborat musobaqa kutib turibdi.
Sport prinsiplari? Futbol xususiylashmas ekan, bunday o‘zgarishlarga hali ko‘p bor ko‘z yumishga majbur qilinaveramiz.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!