Bor-yo‘g‘i ikkita mahsulot talab etiladigan 2 xil tezpishar pasta retsepti
Har sohada tezkorlik talab etilganidek, uy yumushlari va pazandalik borasida ham bu talab o‘z kuchida qolaveradi. Atigi ikki masalliqdan tezpishar, mazali va to‘yimli taom, albatta, hamma uchun manzur kelishi tabiiy.
Qovoqchali (kabachkili) pasta
Kerakli mahsulotlar:
1—2 dona qovoqcha;
qattiq pishloq;
spagetti.
Spagetti tuz solingan suvga solinib, 5—6 daqiqa davomida qaynatiladi. Qovoqcha parrak shaklda to‘g‘ralib, zaytun moyida qizarguncha qovuriladi. Ta’bga ko‘ra biroz sarimsoq qo‘shish ham mumkin. Qovoqcha tayyor bo‘lgandan so‘ng alohida idishga suziladi. Tovaga esa spagetti solinadi, ustidan bir-ikki qoshiq suvidan ham quyiladi. Ustidan qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq sepilib, qovurilgan qovoqcha ham solinadi. Pishloq, zaytun moyi va masalliqlar ichida eriguncha aralashtiriladi. Taomni idishlarga suzishda rayhon yaproqlari bilan bezash mumkin.
Konservalangan baliqli pasta
Kerakli mahsulotlar:
kapalak shaklidagi makaron mahsuloti;
cherri pomidori — 400 gramm;
konservalangan baliq.
Cherri pomidorlari ikkiga bo‘linadi. Kesilgan tomonini yuqoriga qaratib, ustidan zaytun moyi, tuz, shakar, maydalangan sarimsoq va qirg‘ichdan o‘tkazilgan limon po‘sti sepiladi. Ikki soatga 100 darajaga pechga qo‘yiladi.
Makaron pastasi qadoqda ko‘rsatilgan vaqt bo‘yicha qaynatib olinadi. Pishganidan so‘ng sovuq suvda chayiladi. Ustidan pechda pishirilgan pomidorlar sousi quyiladi va konservalangan baliq bilan yaxshilab aralashtiriladi. Taom ta’bga ko‘ra ko‘katlar bilan bezatilib, dasturxonga tortiladi.