Xitoy vaksinasining O‘zbekistondagi klinik sinovlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ruxsat berganidan so‘nggina boshlanadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahloxon Turdiqulova “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan qisqacha intervyusida aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmacyeutical kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Shahloxon Turdiqulovaning ma’lum qilishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 21-oktabr kuni Xitoy vaksinasi sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga taqdim qilingan.

“Agentlik vaksinaga ijobiy xulosa berganidan so‘ng sinovlar boshlanadi. Hozirda xitoylik mutaxassislar shifokorlarga vaksinatsiya jarayonida ko‘ngillilarda ko‘riklarni tashkil etish, anketa to‘ldirish kabi hujjat ishlarini yuritish bo‘yicha trening o‘tkazmoqda. Vazirlik qoshidagi ilg‘or texnologiyalar markazi esa ushbu ishlarning monitoringini olib boradi”, – dedi Shahloxon Turdiqulova.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rejasiga ko‘ra, vaksina ishlari 20-noyabr kunidan boshlanishi kerak edi. Lekin Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vaksina haqida o‘z xulosasini haligacha vazirlikka taqdim etmagan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, vaksina ustida sifat nazorati tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi agentlikka 21-oktabr kuni emas, balki 19-noyabr kuni taqdim etgan. Xitoy vaksinasining platsebo namunalari va tegishli standartlar hamda reagentlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Davlat markazi tomonidan qabul qilingan.

“Hozirgi vaqtda Davlat markazining Farmakologiya qo‘mitasi ushbu vaksina klinik tadqiqotlarining birinchi va ikkinchi bosqich hujjatlari ekspertizasi ustida ishlamoqda. Shuningdek, Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi, Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi hamda Farmako-toksikologik laboratoriyada vaksinaning sifat nazorati tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Ta’kidlash joizki, barcha amalga oshirilayotgan ishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida”, – deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborotida.

“Daryo” muxbirining Xitoy vaksinasi ustidagi sifat nazorati tekshiruvlari qachon yakunlanishi haqidagi savoliga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati aniq javob bermadi.

Qoidaga ko‘ra, tekshiruvlar ijobiy yakunlanganidan so‘ng vaksinaning uchinchi bosqich klinik tadqiqotlarini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi hal etiladi. Agarda salbiy xulosa berilsa, sinovlar o‘tkazilmaydi. Bu holatda xitoylik mutaxassislarning O‘zbekistondagi keyingi faoliyati va vaksinatsiyaga tayyorgarlik ishlari uchun ajratilgan resurslarning taqdiri nima bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.

Avvalroq Innovatsion rivojlanish vaziri, biolog olim Ibrohim Abdurahmonov Xitoy vaksinasini ijobiy baholagan.  Vazir vaksina oluvchilar 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan bitta guruh, ikkinchi guruhga esa 60 yoshdan yuqori bo‘lganlar kirishini ta’kidlab o‘tgan. Vaksinaning nojo‘ya xavfli ta’sirlar paydo bo‘lganda, ya’ni 15 foiz odamlarda shu holat kuzatilsa, zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi hamda o‘rganish boshlanadi. Lekin bu agar 30 foizga yetadigan bo‘lsa, vaksina sinovlari to‘xtatiladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev 2020-yil oxiri yoki 2021-yil boshlarida O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlariga kirishishni mo‘ljallayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaning “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan “EpiVakKorona” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgandi. Hindiston ham koronavirusga qarshi vaksinalarini O‘zbekistonga taklif qilgan. O‘zbekistonda 2021-yilning iyuniga qadar 60 foizgacha aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan. Moskvada esa 5-dekabrdan koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlanishi aytilgan edi. Ukraina poytaxti Kiyevda koronavirusga qarshi vaksinatsiyani amalga oshirish uchun tayyorgarlik boshlandi. Qozog‘istonda koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiyani 2021-yildan boshlash rejalashtirilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi majburiy vaksinatsiya o‘tkazishga qarshi chiqdi.