Hindistonda yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinalar O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin. Bu haqda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat sog’liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, vazir Abduhakim Xojibayev 7-dekabr kuni Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi. Muloqot davomida so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, elchi O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi, shu sababli kasallik tarqalishi hozirgi vaqtda sezilarli darajada kamayganini e’tirof etdi. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar COVID-19 oqibatlarini minimallashtirishga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

“O‘z navbatida, vazir hozirda vaziyatning barqarorligi xotirjamlikka berilish uchun asos bo‘la olmasligini aytdi. Ko‘pgina boshqa mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, COVID-19’ning ikkinchi to‘lqinidan qochib bo‘lmaydi, degan tushuncha mavjud. Buning uchun mamlakatda unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi SSV xabarida.

Qayd etilishicha, tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Jumladan, mavjud investitsiya loyihalarini rivojlantirish va O‘zbekistonga yangi investorlarni jalb qilish, qo‘shma farmatsevtika ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Manish Prabxatning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda Hindiston koronavirusga qarshi uchta vaksina yaratish ustida ish olib bormoqda, ulardan ikkitasi ikkinchi, bittasi esa uchinchi bosqich sinov jarayonida. Elchi kelajakda O‘zbekiston aholisi uchun ham ushbu hind vaksinalari foydali bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, elchi talabalar almashinuvi dasturi bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Hindiston yoshlarining O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga qiziqishi tobora ortib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev 2020-yil oxiri yoki 2021-yil boshlarida O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlariga kirishishni mo‘ljallayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaning “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan “EpiVakKorona” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Xitoyning Ahnui Zhifei Longcom Biopharmaceutical vaksinasining uchinchi faza klinik sinovlarini o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, uni 5 mingga yaqin ko‘ngilli sinovdan o‘tkazadi.