Innovatsion rivojlanish vaziri, biolog olim Ibrohim Abdurahmonov “Xalq so‘zi” gazetasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarning sinoviga oid savollarga javob berdi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ibrohim Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ko‘pgina yuqori texnologik vaksinalarni 10 dan ortig‘i uchinchi bosqich klinik sinovlaridan o‘tkazilyapti. Birinchi, ikkinchi bosqichlar kam miqdordagi ko‘ngillilarda o‘tkaziladi. Va asosan uning xavfsizligi, samaradorligi, antitanalar hosil qilish xususiyatlari o‘rganiladi. Uchinchi bosqichning eng katta maqsadi — aholi orasida qanchalik samaradorligi kengroq o‘rganiladi. Klinik sinovlar uchun eng kam talab qilingan ko‘ngillilar besh ming atrofida bo‘lishi kerak.

“Shuning uchun O‘zbekistonda ham sinovlarni o‘tkazishga ko‘ngillilar talab etiladi. Bu borada hozircha muammo yo‘q. Sababi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda biz oilaviy poliklinikalarni jalb qilgan holda ko‘ngillilarni chaqiryapmiz. Bu borada ishlar olib borilyapti. Ko‘ngillilarda sharoit yaratib, ularni oldin o‘qitib, bu narsani ma’nosini tushuntirib, undan keyin amalga oshiramiz. Bu borada biron muammo yoki kamchilik bo‘ladi deb o‘ylamayman”, — deydi vazir.

Abdurahmonovning aytishicha, Xitoyda yaratilgan vaksinaning uchinchi bosqich sinovlarini kamida 15 ming odamda o‘tkazish rejalashtirilgan. Shundan 5 ming nafar ko‘ngillini O‘zbekistondan tanlab olib, sinovlarni mamlakatda o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilmoqda.

“Maxsus protokollarga asosan yosh chegarasi aniqlangan. Ya’ni 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan bitta guruh bo‘ladi. Ikkinchi guruhga 60 yoshdan yuqori bo‘lganlar qamrab olinadi. Birinchi bosqichda biz 18–60 yosh oralig‘idagi ko‘ngillilar bilan dastlabki bosqichni boshlaymiz. Hozir shunga tayyorgarlik ko‘rilyapti”, — deydi innovatsion rivojlanish vaziri.

Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov xorij OAVda koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan bir ko‘ngillining vafot etgani haqida tarqalgan xabarlarga va O‘zbekistonda bunday holat bo‘lmasligiga kafolat bor yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi savollarga ham javob qaytargan.

Uning aytishicha, AstraZeneca kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani uchinchi klinik sinovlari paytida bitta ko‘ngillining vafot etgani to‘g‘risida xabar tarqalgan va bu katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Lekin qayta tekshiruv o‘tkazilganda vafot etgan ko‘ngilli aslida vaksina olmagani ma’lum bo‘lgan.

“Vaksinani sinovida bitta narsani hamma yaxshi tushunishi kerak: mana besh ming ko‘ngillida sinovlar o‘tkazamiz dedik. Aslida besh ming ko‘ngillini ikki yarim ming nafari haqiqiy vaksina olmaydi. Teng yarmi haqiqiy vaksina oladi. Bu platsebo usuli deyiladi”, — deya oydinlik kiritadi Abdurahmonov.

Ta’kidlanishicha, AstraZeneca kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan sinovlarda vafot etgan ko‘ngilli koronavirus asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Ya’ni u haqiqiy vaksina olmagan. Shuning uchun bu sinovlar yana davom ettirilyapti.

“Biz hozir 200 dan ortiq vaksinani kuzatib turibmiz. Mana shuni hozir 11 tasi hozir uchinchi klinik bosqichga yetib keldi. Bularning ikkinchi klinik bosqichida o‘lim qayd etilgani to‘g‘risida xabarlar yo‘q. Biz sinovdan o‘tkazishni rejalashtirayotgan vaksina birinchi va ikkinchi klinik sinovlarda juda kam holatlarda salbiy ta’sirlar ko‘rsatgan. Protokollar bilan yaxshilab tanishganimizda ushbu vaksinani yot ta’sirlari bir foizdan oshmagan. Shu bois ham uni “o‘zimga ham ravo ko‘raman” deganman. Masalan, ayrim vaksinalar uchinchi bosqich sinovlarida 15 foizgacha qandaydir nojo‘ya ta’sirlar kuzatilayotgan bo‘lsa ham sinovlar davom ettirilyapti”, — deydi Abdurahmonov.

Qayd etilishicha, sinovlarda ishtirok etadigan ko‘ngillining hammasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyin sug‘urta qilinadi. Vaksinatsiya qilinganlar 35 daqiqa shifokor ko‘rigida bo‘ladi. O‘sha joyda nojo‘ya ta’sirlar paydo bo‘lsa, darhol bartaraf etish choralari ko‘riladi. Sutka davomida kuzatuv-nazorat amalga oshiriladi. Yil davomida bo‘ladigan tekshiruvlarda mabodo nojo‘ya ta’sirlar bo‘ladigan bo‘lsa, buni ham davolash choralari ko‘riladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

“Bu xarajatlarning hammasi tibbiy sug‘urtada aks etadi va kompaniya tarafidan qoplab berilishiga kelishyapmiz”, — deya qayd ta’kidlaydi vazir.

Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning nojo‘ya xavfli ta’sirlar paydo bo‘lganda, ya’ni 15 foiz odamlarda shu holat kuzatilsa, zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi hamda o‘rganish boshlanadi. Lekin bu agar 30 foizga yetadigan bo‘lsa, vaksina sinovlari to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, mabodo biron ko‘ngillida juda ham xavfli, hech kimga aniq bo‘lmagan hattoki bir holat kuzatilsa ham vaksina sinovi to‘xtatilib, sabablari o‘rganiladi. Agar bu emlash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa, sinov yana davom ettiriladi.

Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov sinov qaysi tibbiyot muassasalarida o‘tkazilishi to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tgan:

“Birinchidan, mana shu yuqori texnologiyalarga asoslangan vaksina bo‘lganligi uchun biz ikkita ilmiy markazni bunga asosiy javobgar sifatida belgilab oldik. Birinchisi, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi. Sababi biz bu yerda olimlarimiz bilan ilk marta marta ularning genlarini o‘rganyapmiz.

Bu yerda test sistemalari ishlab chiqarildi va hozir vaksinani ishlab chiqarishni dastlabki bosqichlari amalga oshirilyapti.

Ikkinchisi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti. Virusli kasalliklari bilan shug‘ullanuvchi katta tajriba ega bo‘lgan bu institut asosiy markaz hisoblanadi.

Virusologiya ilmiy tekshirish institutida turli virusli kasalliklarga qarshi vaksinalar sinovdan o‘tkazilgan. Bu yerda katta tajriba to‘plangan”.

Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.