Prezident Shavkat Mirziyoyevning nazorati ostida 8-dekabr, seshanba kuni “Mehr” operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zA Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan vatanga qaytarilgan o‘zbekistonliklarning suratlari bilan bo‘lishdi.
“Mehr-3” insonparvarlik operatsiyasi yordamida Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan 98 nafar o‘zbekistonlik, ya’ni 25 nafar ayol va 73 nafar bola vatanga qaytarildi.
Olib kelinganlar endilikda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sog‘lomlashtirish muassasalariga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlanadi. Mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatiladi.
Mavzuga doir: Video: Suriya jangohlaridan qaytgan ayol bilan suhbat
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston rahbariyati “Mehr” insonparvarlik operatsiyasini ilk bor 2019-yil may oyi oxirida amalga oshirgan, o‘shanda 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan, ayollar va bolalar Uzbekistan Airways’ning Suriya poytaxti Damashqdan amalga oshirilgan maxsus reysi bilan O‘zbekistonga olib kelingan edi.
Keyinchalik ushbu operatsiya davomida O‘zbekiston tomoni ma’lum bir qiyinchiliklarga duch kelgani ayon bo‘lgan edi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir davlat Suriyadan vatandoshlarni olib qaytish uchun O‘zbekiston samolyotini urib tushirish bilan tahdid qilganini ma’lum qilgan edi.
2019-yilning oktabr oyida esa Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan o‘zbekistonliklarni qaytarish bo‘yicha ikkinchi maxsus operatsiya amalga oshirilgan.
Izoh (0)