Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibroxim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida uchinchi bosqich klinik sinovlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xitoy vaksinasi haqida gapirdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo”

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, virusning tojida uchta yirik oqsil bor, u yerda hujayralarni yuqtirishga yordam beradigan kichik domen retseptorlari mavjud. “Bundan tashqari, u o‘z holida zararsiz, reaksiya sezmaysiz ham va hatto yordam berishi ham mumkin”.

“Lekin Xitoy fanlar akademiyasidagi hamkorlarimiz shunday yangi kashfiyotga qo‘l urishdiki, agar shu oqsil dimerizatsiya (ikkita tarkibiy elementni birlashtirish orqali yangi moddani shakllantirish jarayoni — tahr.) qilinsa, ya’ni ikkita sharikni yoki nuqtachani bir-biriga ulab, genlar injeneriyasiga asoslangan rekombinat oqsil yaratilsa, bu yuzlab baravar ko‘proq antitanachalarni hosil qilishga imkon beradi”, — degan Ibrohim Abdurahmonov.

Innovatsiyalar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, oqsilning ko‘p qirraliligi shundaki, u nafaqat koronavirusga, balki boshqa viruslarga ham ta’sir qiladi, masalan, SARS (atipik pnevmoniya) va MERS (Yaqin Sharq nafas olish yetishmasligi sindromi) kabi boshqa gripp yoki o‘tkir nafas yo‘llari kasalliklariga ham. Akademik ushbu vaksinaning xavfsizlik darajasi shunga o‘xshash boshqa vaksinalarga qaraganda ancha yuqori ekanligini qo‘shimcha qildi.

Vazir, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining o‘zbeklar vaksinalarni tekshirishda “tajriba quyonchalari” bo‘lmasligi kerak, degan fikrlariga munosabat bildirdi.

“Hech kim quyon qilib tajriba o‘tkazmoqchi emas. Biz vaksinani olib kelishimiz kerak bo‘lsa, albatta sinovini o‘tkazishimiz kerak. Buni xavotirga tushadigan joyi yo‘q. Bu vaksina bo‘lsa yoki boshqa vaksina bo‘lsa ham, aholimizga qo‘llashdan oldin biz buni tekshirishimiz kerak”, — deya ta’kidlagan Ibrohim Abdurahmonov.

Shuningdek, vazir vaksinani klinik sinovlaridan o‘tkazishning uchinchi bosqichi tibbiy sug‘urta asosida, oilaviy poliklinikalar mutaxassislarining kecha-yu kunduz nazorati ostida va sinovchilarning umumiy holatini kuzatish yo‘li bilan amalga oshirilishini aytdi.

Ibrohim Abdurahmonov vaksinani sinovdan o‘tkazish jarayonida ko‘ngillilar uchun hech qanday to‘lov olinmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi va ular yil davomida sakkiz martagacha PZR testlarini topshirish va antitanachalar paydo bo‘lish darajasini tekshirtirish uchun chaqirilishlari mumkin.

Vazir mutaxassis sifatida ushbu vaksinani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqanligini va hatto uni oila a’zolariga ham tavsiya qilganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda emlash texnologiyasiga talab katta va yer sayyorasining 7 milliard aholisini hisobga olgan holda, uning barcha aholisini vaksinalar bilan ta’minlashning iloji yo‘q. O‘zbekistonga vaksinalarni olib kelish ularni to‘liq o‘rganib chiqqandan keyingina amalga oshiriladi, deyiladi “O‘zbekiston 24” reportajida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani uchinchi bosqich klinik sinovlarini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgani ma’lum bo‘ldi. Sinov 18 va undan katta yoshdagi ko‘ngillilarda o‘tkazilishi va sinov boshlanishidan oldin XXR vakillari emlash shartlarini tushuntirish uchun bir nechta treninglar o‘tkazishi haqida xabar berildi.