Ruminiya shimolida tashqi ko‘rinishi bilan Stenli Kubrikning “Fazoviy sayohatnoma” filmidagiga o‘xshash uchburchak monolit paydo bo‘ldi. U yaqinda AQShning Yuta shtatidagi sahroda topilgan, so‘ngra yo‘qolib qolgan monolitga o‘xshash, deb xabar beradi Meduza.
Qirralari jimjimador tasvirlarga ega yangi monolit 26-noyabr kuni Pyatra-Nyams shahridagi Batka Doamney tepaligidan topilgan. Daily Mail’ning yozishicha, monolit arxeologik diqqatga sazovor maskan — eramizdan avvalgi 82-yildan eramizning 106-yiliga qadar qurilgan Petrodavsko-Dakiysk qo‘rg‘oni yaqinidan topilgan. Monument balandligi to‘rt metrga yetadi.
Yangi monolit kimga tegishli ekanligi noma’lum: u arxeologik yodgorlikning xususiy uchastkasida joylashgan. Ruminiya hukumati monolitning o‘rnatilishiga kim javobgar ekanligini bilmaydi. Amaldorlar sirli topilmani o‘rganishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, 18-noyabr kuni AQShning Yuta shtatida, taxminan, 3 metr balandlikdagi metall monolit topilgan edi. Shtat jamoat xavfsizligi departamenti xodimlari vertolyotda atrofni ko‘zdan kechirayotgan vaqtida qizil qoyadagi katta silliq monolitni ko‘rib qolgan.
Sirli obyektning qayerda ekani departament vakillari tomonidan oshkor qilinmagan. Taxminlarga ko‘ra, uni “Samoviy sarguzashtlar” filmi muxlislari yoki biror haykaltarosh (masalan, shu yaqin atrofda yashaydigan minimalist Jon Makkraken) o‘rnatgan bo‘lishi mumkin.
Qiziquvchan sarguzasht izlovchilar sun’iy yo‘ldosh orqali daradagi relyefni ko‘zdan kechirib, anomal soyani topishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ngra monolitni izlab topgan. 29-noyabr kuni, amerikalik amaldorlarning aytishicha, “noma’lum tomon” monolitni olib tashlagan.
Izoh (0)