Xyuston shahrida Mecum auksioni orqali Tim Byorton tomonidan 1989-yilda suratga olingan “Betmen” filmidagi afsonaviy Betmobilning nusxasi sotiladi. Superqahramon mashinasi Chevrolet Corvette agregatlari bazasida yaratilgan bo‘lib, suriladigan kabina va ikkita pulemyot bilan jihozlangan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Mecum Auction

Betmobil Amerikaning Pursch Racing tyuning-atelyesi mutaxassislari tomonidan yaratilgan. Loyiha asosini 1989-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Corvette tashkil etadi. Ushbu sportkar shu nomdagi superqahramonga oid filmdagi mashhur avtomobil uchun donor vazifasini o‘tagan. Uni yaratish uchun tyunerlar barcha g‘ildiraklari mustaqil “pnevmopodveska”ga ega maxsus karkasni loyihalagan. Filmdagi kabi uning kabinasiga masofadan turib ochiladigan maxsus qubba orqali kiriladi.

Nusxa eksteryeri original modelniki bilan bir xil. Betmobil massiv aerodinamik “obves” va ulkan old turbina bilan jihozlangan. Shuningdek, xuddi filmdagi unga kabi ikkita Brauning pulemyoti ham o‘rnatilgan. Mashina saloniga elektrboshqariluvchi o‘rindiqlar, shuningdek, politsiyachilar chastotasini skaner qiluvchi noodatiy qurilma, orqani ko‘rishga mo‘ljallangan kamera, bundan tashqari, baland tovushli sirena va qiruvchi samolyotning nishoni o‘rnatilgan.

Betmobil 250 ot kuchiga ega 5,7 litrli V8 dvigateli yordamida harakatga keladi. Biroq sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, modifikatsiyaga uchragan mashinaga sakkiz silindrli agregat, shuningdek, Dodge Viper’ning V10 motorini o‘rnatish mumkin.

Ekzotik mashina auksion orqali 2021-yilning yanvarida sotuvga qo‘yiladi. Model narxi hozircha ma’lum emas. Betmobil umumiy foydalanishdagi yo‘llarda harakatlanish uchun ruxsatnomaga egaligi sabab unga sotib oladigan xaridor chiqib qolishi mumkin.

Avvalroq Estoniyadagi kiyim do‘konida “Kelajakka qaytib” filmidagi DeLorean avtomobili sotilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.