O‘zbekiston Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Shohrux Aminov Sirdaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Shohrux Aminov (1981-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) Samarqand davlat universitetini 2002-yilda huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2004—2010-yillarda Samarqand shahar prokuraturasida turli lavozimlarda ishlagan, 2010-yilda Samarqand viloyati prokuraturasi fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish bo‘limi prokurori etib tayinlangan, 2013—2014-yillarda Pastdarg‘om tumani prokurori o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
2014-yildan Aminovning respublika Bosh prokuraturasida faoliyati boshlangan — 2014—2015-yillarda Bosh prokuraturaning Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat Bosh boshqarmasi tarkibidagi davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda joylardagi ijro hokimiyati organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori, katta prokurori, 2015—2016-yillarda Bosh prokuraturaning Qurolli Kuchlar, Milliy xavfsizlik va bojxona organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Shohrux Aminov 2017-yilda Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari, 2017—2018-yillarda MIBda boshqarma boshlig‘i, 2018-yildan tayinlovga qadar Navoiy viloyati prokurori sifatida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 10-noyabr kuni 2017-yilning iyunidan beri Sirdaryo viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Ravshan Masharipov Samarqand viloyati prokurori etib tayinlangandi.
Avvalroq MIB direktori Xorazm viloyati prokurori, Jahongir Hotamov Namangan viloyati prokurori etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)