Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Ingliz tilining Oksford lug‘ati 2020-yilning asosiy so‘zni aniqlay olmadi va har oy uchun asosiy so‘zlarni tanladi. Ularning soni 16 tani tashkil etadi, ular “2020-yil. Beqiyos yil so‘zlari” hisobotiga kiritildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

“Ingliz tili hammamiz singari bu yil ham tez va takroran moslashishga majbur bo‘ldi. Shuning uchun biz tajribali leksikograflar jamoamiz tomonidan 2020-yil davomida kuzatilgan til o‘zgarishlari fenomenal doirasi haqida batafsil aytib berishga qaror qildik”, — deyiladi hisobotda.

Unda qayd etilishicha, COVID-19 so‘zi va u bilan bog‘liq lug‘at 2020-yilda “tilni kuzatish uchun aniq yo‘nalish bergan”, ammo til va siyosat, iqtisodiyot, faollik, atrof-muhit kabi katta o‘zgarishlar yuz bergan boshqa sohalar mavjud. “Bularning barchasi 2020-yilni bitta yil so‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan yil ekanligini isbotlamoqda’ ”, — deyiladi hisobotda.

Oksford lug‘atshunoslari yanvar oyidan oktabr oyigacha har oy uchun bittadan uchtagacha asosiy so‘zni tanladi. So‘zlar maksimal foydalanish chastotasiga ega bo‘lgan oylarga muvofiq tanlangan.

Yanvar

Bushfire (o‘rmon yong‘ini). 2019-yil sentabrdan 2020-yil martigacha davom etgan va uch milliardga yaqin hayvonni yo‘q qilgan Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlari tufayli yanvar oyining so‘zi bo‘ldi.

Impeachment (impichment). Bu AQSh prezidenti Donald Trampning 2019-yilda Vakillar palatasidagi demokratlar tomonidan boshlangan impichment jarayoni tufayli tanlangan. Impichmentga Trampning Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan suhbati sabab bo‘lgan.

Fevral

Acquittal (oqlash). Ushbu so‘zdan foydalanish AQSh Senatining Trampning impichment jarayonini tugatish to‘g‘risidagi qarori fonida avj oldi.

Mart

Coronavirus (koronavirus). Yangi turdagi SARS-CoV-2 koronavirusni qisqartirish uchun uni koronavirus deb atash boshlandi. Mart oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur virus pandemiyani yuzaga keltirganini e’lon qildi.

Aprel

COVID-19. Ushbu nom Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan fevral oyida SARS-CoV-2 keltirib chiqargan kasallikka berilgan edi.

Lockdown (karantin). Pandemiya sababli e’lon qilingan qattiq karantin choralari ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarda shunday nomlandi.

Social Distancing (ijtimoiy masofa). Pandemiyaning ijtimoiy masofaga bo‘lgan talabi tufayli bu oyning so‘ziga aylandi. Ijtimoiy masofa kamida bir metr bo‘lishi kerak.

May

Reopening (ochilish). Bu so‘z karantin yumshatilganidan keyin ishni qayta boshlash yoki chegaralarni ochishni anglatadi. Rossiya va Yevropada cheklovlar may oyida bekor qilingandi.

Iyun

Black Lives Matter. Qora tanlilar huquqlari uchun Amerika ijtimoiy harakatining nomi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi irqchilik va politsiya zo‘ravonliklariga qarshi namoyishlar sababli oyning so‘ziga aylandi.

Iyul

Cancel culture (bekor qilish madaniyati). Mashhur odamlar va kompaniyalarning xatti-harakatlari yoki bayonotlarini, agar ular birovga tajovuzkor yoki noo‘rin tuyulsa, jamoatchilik tomonidan tanqid yoki boykot qilinishini (odatda ijtimoiy tarmoqlarda) bildiradi.

BIPOC (Black, Indigenous and People of Color). Qora tanli odamlar, mahalliy aholi va oq tanli bo‘lmagan odamlarni anglatish uchun qisqartma so‘z.

Avgust

Mail-in (pochta orqali). Bu so‘z AQSh prezidentlik saylovlarida pochta orqali ommaviy ovoz berish va Donald Trampning bunday ovozni tanqid qilishi sababli oyning so‘ziga aylandi.

Belarusian (belaruslik). Bu so‘z 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin Belarusda boshlangan va shu kungacha davom etayotgan norozilik namoyishlari tufayli tanlangan.

Sentabr

Moonshot. Ushbu so‘z “Oyga parvoz” deb tarjima qilingan, ammo “ambitsiyali va innovatsion loyiha” ma’nosida ham qo‘llaniladi. Moonshot so‘zi Buyuk Britaniya hukumatining dasturiga berilgan bo‘lib, uning asosida mamlakat COVID-19 uchun har kuni ommaviy testlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson dasturni sentabr oyi boshida e’lon qilgan.

Oktabr

Superspreader (super tarqatuvchi). Bu biron sababga ko‘ra boshqalarga yuqadigan zararli organizmning nomi. Koronavirus holatida bu juda ko‘p ijtimoiy aloqalarga ega bo‘lgan odam bo‘lishi mumkin.

Net zero. Ushbu so‘z issiqxona gazlari chiqindilarini minimallashtirish va ularni atmosferadan so‘rib olish usullarini (masalan, o‘rmonlarni tiklash orqali) amalga oshirish maqsadini anglatadi. Bu Xitoyning 2060-yilgacha karbonat angidrid chiqindilarini butunlay tugatishga va’da bergani sababli oy so‘zi bo‘ldi.

Noyabr va dekabr

Oksford lug‘atida hali noyabr va dekabr so‘zlari tanlanmagan.

Avvalroq ingliz tilining yana bir nufuzli lug‘ati Collins English Dictionary 2020-yilning asosiy so‘zi sifatida lockdown’ni tanlagandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rossiyada migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Muhojirlarga mamlakatdan chiqib ketish uchun 12-oktabrgacha muddat berildi
Dunyo
Atlantika okeaniga cho‘kib ketgan SSSRning yadroviy suvosti kemasi, Germaniyaning birlashuvi va AQSHda Shukronalik kunining paydo bo‘lishi. Kun xronologiyasida 3-o...
Mahalliy
Butun o‘zbekistonliklarni so‘kkan Oqqo‘rg‘on IIB sobiq xodimi xalqdan yig‘lab kechirim so‘radi (video)