Avstraliyada 2019—2020-yillarda kuzatilgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida uch milliardga yaqin jonivorlar nobud bo‘lgan yoki jarohat olgan. Bu haqda yovvoyi tabiatni asrash butunjahon jamg‘armasi buyurtmasiga ko‘ra qilingan Phys.org’ning tadqiqot hisobotida ma’lum qilingan.

Foto: CNN

Hisobot mualliflari asosiy o‘rmon yong‘inlari kuzatilgan Janubiy Uels va Viktoriyadan tashqari Avstraliyaning qolgan hududini ham to‘liq o‘rganib chiqqan. 2020-yil boshida ushbu ikki shtatning o‘zida milliardga yaqin jonivorlar qurbon bo‘lgani xabar qilingandi.

Tadqiqotchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Avstraliyada yong‘inlar oqibatida 143 millionta sutemizuvchilar sinfiga mansub hayvonlar, 2,5 milliard sudralib yuruvchilar, 180 million qushlar va 51 million qurbaqa talafot ko‘rgan.

Yong‘inlar oqibatida aynan qancha hayvon nobud bo‘lgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Bunda jarohatlanganlar va olov tufayli butunlay qirilib ketgan hayvonlar sinfi ham inobatga olingan.

Hisobot Sidney, Janubiy Uels, Nyukasl, Charlz Stert universitetlari hamda BirdLife Australia tabiatni asrash guruhi tomonidan tayyorlangan, deyiladi Phys.org xabarida.

Tadqiqotlar natijalari yana qayta ishlanib, 2020-yil avgust oyi oxirida yakuniy hisobot e’lon qilinadi. Mualliflarning aytishicha, yakuniy hisobotda uch milliard jonivorlarning talafot ko‘rgani va nobud bo‘lgani sezilarli darajada o‘zgarmasligi mumkin.

2019-yil sentabrda 2020-yil mart oyigacha Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgan va ularning oqibatida 34 nafar odam halok bo‘lgandi. Reuters agentligining qayd etishicha, ortda qolgan yong‘in mavsumi Avstraliya tarixida hali kuzatilmagan eng yomon davrlardan biri bo‘lgan.

May oyida Avstraliyada dahshatli o‘rmon yong‘inlaridan so‘ng ilk marta koala dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi.