Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, koronavirus bilan bog‘liq holat pandemiya sifatida tavsiflanishi mumkin. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: “RBK”

JSST rahbarining qayd etishicha, so‘nggi ikki hafta davomida Xitoydan tashqarida koronavirus bilan zararlanish holatlari soni 13 martaga oshdi, kasallik qayd etilgan mamlakatlar soni esa uch baravar ko‘paydi. Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, ayni paytda dunyoda koronavirus yuqtirganlar soni 118 ming kishidan ortib ketgan.

Ma’lumot uchun, pandemiya epidemik kasallikning bir yoki bir necha mamlakat, qit’a yoki kontinentda yoppasiga tarqalishi hisoblanadi. Pandemik tarqalish havo-tomchi yo‘li bilan yuqib, inkubatsion davri qisqa yuqumli kasalliklarga xos.

Avvalroq JSST koronavirusning dunyo miqyosida tarqalishda davom etib, pandemiyaga aylanishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 3158 kishiga yetdi, kasallikni yuqtirib olganlar soni esa qariyb 81 mingga yaqinlashib qolgan.

“Sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy komissiya 31 ta provinsiyada 80 778 kishida koronavirus aniqlangani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Hozirgi vaqtda ularning 16 145 nafari kasal (4492 nafarining ahvoli og‘ir), 61 475 kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgan, 3158 kishi esa vafot etgan”, — deyiladi Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi xabarida.

Dunyo bo‘yicha kasallikdan davolanishga muvaffaq bo‘lganlar 65 ming kishidan oshgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus tarqalgan 14 davlatdan kelgan fuqarolarni karantinga olish haqida qaror qabul qilingan.

Ayni paytda O‘zbekistonda 1900 dan ortiq kishi koronavirus bo‘yicha tibbiy kuzatuvda turibdi. Mamlakatda shu kungacha koronavirus qayd etilmadi.

Avvalroq O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mamlakatda koronavirus bo‘yicha o‘tkazilgan 1760 ta laboratoriya tahlilining birortasida ham virus aniqlanmaganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, vazir O‘zbekistonga koronavirus kirib kelmaganini ta’kidlagan hamda u kirib kelgan taqdirda, uni yashirish imkonsiz ekanligini aytgan.