Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatlarida faoliyat olib borayotgan bir necha nafar hakamlar korrupsiyada gumon qilinmoqda.
“Tribuna.uz” saytining xabar qilishicha, O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlarida faoliyat olib borayotgan bir qator bosh hakamlar liga o‘yinlari natijasiga atayin ta’sir ko‘rsatish, uchrashuv oldidan klub vakillari bilan aloqaga chiqib, o‘yinda jamoaga yordam berish masalasida kelishish, pora olish kabi qing‘ir ishlarga qo‘l urganlikda gumon qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, bir necha yillardan buyon Superliga o‘yinlarini boshqarib kelayotgan hamda tamagirlikda gumon qilingan hakamlar va shaxslar so‘nggi ikki yil davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan kuzatib kelingan. To‘plangan dalil va isbotlar asosida gumondorlar so‘roq qilinmoqda.
Tekshiruvlar yakuniga yetgach, bu haqda to‘liq rasmiy ma’lumotlar berilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Professional futbol ligasi (PFL) tomonidan o‘tkaziladigan milliy chempionat va kubok o‘yinlariga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) qoshidagi Hakamlar departamenti tomonidan hakam va nazoratchilar tayinlanadi.
Avvalroq PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev “Sport-TV” telekanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuv vaqtida O‘zbekistonda futbol hakamligi borasida katta o‘zgarishlar bo‘lishini aytgandi. Biroq funksioner gap aynan nimada ekanligini ochiqlamagan va bu borada tez orada ma’lumot berilishini aytgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)