2020-yil 11-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi binosida qiynoqqa solingan va kasalxonada vafot etgan fuqaroga aloqador ish bo‘yicha ochiq sud boshlandi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar qilgan.
Xabarga ko‘ra, sudlanuvchilar D.Hamraliyev (1994-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), Q.Qodirov (1992-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), E.Rayimjonov (1990-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), F.Husanboyev (1995-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), P.Mamajonov (1983-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan), A.To‘raqulovga (1983-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchisi vazifasida ishlagan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu jinoyat ishi Oliy sud sudyasi O.Arabov raisligida hamda sudyalar Z.Fayziyev va Sh.Rajabovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.
Sudlanuvchilar D.Hamraliyev, Q.Qodirov, E.Rayimjonov, F.Husanboyev, P.Mamajonov Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “b” bandi, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida, A. To‘raqulov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 13-iyunda Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab 3 nafar IIB xodimi hibsga olingan, voqea 30-mayda Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga olib kelinishidan boshlangan. Fuqaro 11-iyunda vafot etgan. 14-iyun kuni Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov mazkur voqea sabab ishdan olindi. Keyinroq IIBda besh kishi ishdan olingani va 19 kishi jazolangani ma’lum qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Andijonda fuqaroning IIB tomonidan qiynoqqa solinganini qat’iy qoraladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov bir fuqaroni qiynoqqa solib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Andijon shahar IIB xodimlari harakatiga munosabat bildirib, Andijon shahar IIB xodimlarining noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoqosti qilingani, bir inson eng oliy huquqi bo‘lgan yashash ne’matidan mosuvo bo‘lgani, shu bilan birga, mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan davlatning xalqaro imijini yaxshilash uchun qilinayotgan ko‘p sonli harakatlarga putur yetganini ta’kidladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev ushbu vaziyat bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, IIV rahbariyati marhum yigitning oilasidan loaqal bir og‘iz kechirim so‘rab qo‘yishi kerakligini aytgan.
Keyinchalik, Xalqaro press-klub sessiyasida Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab uzr so‘radi. Bosh prokuratura IIB xodimlari nima uchun fuqaroni qiynoqqa solganini ma’lum qildi.
Iyul oyida Andijon shahrida fuqaroning qiynoqqa solinishi sabab ishdan olingan IIO FMB boshlig‘i o‘rniga yangi rahbar tayinlangan.