Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov ishdan olindi. Bu haqda senator Qutbiddin Burhonov ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Senatorning ma’lum qilishicha, Andijon shahar ichki ishlar organlarining rahbari hisoblangan Sodiq Usmonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 14-iyun, yakshanba kungi buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Ma’lumot uchun, podpolkovnik Sodiq Usmonov 2019-yil iyun oyida Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Bungacha u Asaka tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan.

Avvalroq Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning xodimlari fuqaro A.A.ni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, uning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. A.A. sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va 11-iyun kuni vafot etgan.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan IIBning uch nafar xodimiga nisbatan ayblov e’lon qilingan, ular qamoqqa olingan. Bosh prokuraturadan ma’lum qilishlaricha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Qashqadaryoda mol o‘g‘irlashda gumon qilingan erkak IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.