O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik hamda Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston—Afg‘oniston munosabatlarini rivojlantirishda erishilgan sur’atni katta mamnuniyat bilan ta’kidladi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport va logistika, energetika, ta’lim va boshqa muhim yo‘nalishlarda ustuvor loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etildi.
O‘zbekiston Afg‘onistonda mintaqaviy ahamiyatdagi infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Abdulla Abdulla samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga hamda xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha faoliyatini birlashtirishga xizmat qilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
Mehmon O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etishga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi.
Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining a’zo davlatlarini Afg‘onistonga ko‘mak berish va tiklanishi bo‘yicha qisqa fursat ichida reja ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirdi.