Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov bir fuqaroni qiynoqqa solib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Andijon shahar IIB xodimlari harakatiga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

Narimon Umarovning ta’kidlashicha, Andijon shahar IIB xodimlarining noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoqosti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi bo‘lgan yashash ne’matidan mosuvo bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan davlatning xalqaro imijini yaxshilash uchun qilinayotgan ko‘p sonli harakatlarga putur yetgan.

“IIB mas’ullarining maqsadi bir bo‘lishi lozim — haqiqatning tagiga yetish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo‘lmaydi, fuqarolarni do‘pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi.

Afsuski, IIV bunday hollarga ‘Bu yangilik emas’ deb qarashga odatlanib qolgan”, — deyiladi partiya rahbarining munosabatida.

Ta’kidlanishicha, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar tizimining faoliyatini tubdan takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan. “Shunday ekan, biz bu kabi ko‘ngilsiz holatlarga kechiktirmay barham berilishi, mudhish illatlar odatiy holdek qabul qilinmasligi tarafdorimiz”, — deydi Narimon Umarov.

Spiker o‘rinbosarining fikricha, aybdorlarning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi, shuningdek, bunday holat boshqa takrorlanmasligiga ham kafolat bermaydi. “Ya’ni ichki ishlar tizimida islohotlar natijadorligi zamon talablariga mos emas”, — deya ta’kidlagan partiya rahbari.

Uning qayd etishicha, bu holat boshqa takrorlanmasligi uchun kimnidir javobgar qilish, kimnidir ishdan bo‘shatish, kimgadir intizomiy chora bilan cheklanish emas, tizimli islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirish lozim. Bunda tergov organlarining idoraviy manfaatdorligini barataraf etish, ularning mustaqilligini ta’minlash, jarayonlarni shaffoflashtirish lozim.

“Eng asosiysi ‘Ichki ishlar organlari to‘g‘risida’gi qonunda ‘Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashdan, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat’ ekanligi to‘g‘risidagi norma IIV faoliyatining eng asosiy tamoyiliga aylanishi lozim”, — deya xulosa qilgan Narimon Umarov.

Avvalroq Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Andijonda IIB xodimlari tomonidan fuqaroning qiynoqqa solinishiga bog‘liq mazkur holatni qat’iy qoralagandi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari fuqaro A.A.ni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, qiynoqqa solganligi oqibatida fuqaro 11-iyun kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 3 nafar IIB xodimi hibsga olindi.

Mazkur voqea ortidan besh kishi, shu jumladan, Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i ishdan olindi, 19 kishi jazolandi.