O‘zbekistonda fuqarolar gigiyenaga rioya etsa, niqob taqib, ijtimoiy masofa saqlasa, karantin kuchaytirilmaydi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova 11-noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Agarda biz barcha sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilsak, ya’ni qo‘lni sovun bilan tez-tez yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirsak, tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalansak va ijtimoiy masofani saqlasak, karantin qoidalarini kuchaytirishga hojat qolmaydi”, — degan Barno Abdusamatova.
Uning aytishicha, dunyo tajribasida har qanday cheklovdan ko‘ra odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusning oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolayotgani ko‘rinmoqda. Bundan keyin har bir inson pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishi, unga moslashishi kerak.
“Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko‘chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko‘proq yuzma-yuz bo‘lishadi. Koronavirus infeksiyasi esa o‘ta kontagiozligi bilan xavfli. U juda tez tarqaladi va agressiv. Dunyo bo‘ylab kundan kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda”, — deb ta’kidlagan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi.
Avvalroq Barno Abdusamatova koronavirusning bolalarda kattalarga nisbatan yengil kechishining taxminiy sabablarini aytgandi.