Amerika saylovlarini miridan sirigacha muhokama qilib bo‘ldik, endi o‘zimizning yangiliklarga yuzlanamiz. Dayjestimiz, asosan, Sog‘liqni saqlash, moliya va soliq mavzusida bo‘ladi.
Hamisha diqqat markazida bo‘lgan xabarlardan biri O‘zbekistonda Xitoyning COVID-19’ga qarshi vaksinasi sinalishidir. Qiziq, nega o‘zbeklar ustida tajriba o‘tkazishmoqda? Ma’lum bo‘lishicha, bejiz emas ekan. Darhaqiqat, 5 ming nafar o‘zbekistonlik ko‘ngilli kishi vaksinani o‘z ustida sinab beradi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston vaksinani imtiyozli narxlarda sotib olish huquqiga ega bo‘ladi hamda vaksina Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga O‘zbekiston orqali tarqatilishi nazarda tutilgan.
Agar ko‘ngillilar orasida biror kishida asoratlar yoki nojo‘ya ta’sir kuzatilsa, o‘sha ko‘ngilli shaxs bepul davolanadi. Shuningdek, ko‘ngillilar ishtiroki uchun pul mablag‘i berilishi ham mumkin. Vaksinaning nojo‘ya xavfli ta’sirlari paydo bo‘lganda, ya’ni 15 foiz odamlarda shu holat kuzatilsa, zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi hamda o‘rganish boshlanadi. Lekin bu 30 foizga yetadigan bo‘lsa, vaksina sinovlari to‘xtatiladi. Bundan tashqari, mabodo biror ko‘ngillida juda ham xavfli, hech kimga aniq bo‘lmagan hattoki bir holat kuzatilsa ham, vaksina sinovi to‘xtatilib, sabablari o‘rganiladi.
Innovatsion rivojlanish vazirining aytishicha, O‘zbekistonda Xitoynikidan boshqa vaksinalar ham sinaladi va eng samaralisi tanlab olinadi. Xo‘sh, nega vaksina masalasida Sog‘liqni saqlash vaziri emas, Innovatsion rivojlanish vaziri jon kuydiryapti? Vazirning aytishicha, vaksina innovatsion texnologiya bo‘lganligi sababli IRV bu ishni zimmasiga olgan. Besh ming ko‘ngilli kishining teng yarmigina haqiqiy vaksina oladi, bu platsebo usuli deyiladi.
Bu orada Sog‘liqni saqlash vaziri ham almashtirildi. Pandemiyadek murakkab davrda eng mas’uliyatli vazifada bo‘lgan Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasiga rektorlikka o‘tdi. Uch bora Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Abduhakim Hojiboyev vazir bo‘ldi.
6-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimini to‘liq o‘zgartirishga bag‘ishlangan” videoselektor o‘tkazdi. Yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda kechdi. Aytishlaricha, “endi vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga hech kim aralashmaydi. Vrach, kasalxona, poliklinikalar bosh shifokorlari yoki boshqa tibbiyot xodimlari birorta qo‘shimcha ishga jalb qilinmaydi. Prezident va bosh vazirdan boshqa birorta rahbar vazir va uning o‘rinbosarlarini yig‘ilishlarga chaqirishi taqiqlanadi. Bu talab joylarda hokimlarga ham tegishli”, ekan.
* * *
Moliya vazirligi 2020-yil 1-oktabr holati bo‘yicha tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatdagi rasmiy ishchilarning salkam 43 foizi 1 million so‘mgacha oylik oladigan xodimlardir. Rasmiy ishlovchilar soni aprelda 3 million 748 mingdan ko‘proqni, may oyida 4 million 161 mingdan ortiqni tashkil qilgan. Fevral oyida 4 million 249 ming kishi edi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tahlillariga ko‘ra, 2020-yilning yanvar–iyun oylarida iqtisodiyot tarmoqlarining rasmiy sektorida band bo‘lgan aholi soni 5,5 million kishini tashkil qilgan, deb yozadi “Davletov.uz”.
Demak, O‘zbekistondagi rasmiy ishchi-xizmatchilarning qariyb yarmi bir oyda yuz dollar ham maosh olmaydi. Xo‘sh, unda kambag‘allik darajasi qanaqa? Bu savolga javobni shu haftadayoq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov berdi. “Kun.uz”ga bergan intervyusida u kambag‘allik va uni aniqlash mezonlariga to‘xtalib o‘tib, jahon banki ma’lumotiga tayangan holda kunlik 3,2 dollar/5 600 so‘m daromadga ega shaxs kambag‘al emasligini bildirgan.
Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi, hatto uning karikaturalari ishlanishi, turli uchar iboralar yaralishiga turtki berdi. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovning xabar qilishicha, 5-noyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Obid Hakimov 3,2 dollar qanday qilib 5 600 so‘mga aylanganini to‘lov qobiliyati pariteti bilan izohladi. Bu AQShda 3,2 dollarga sotib olish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekistonda 5 600 so‘mga xarid qilish imkoniyatini bildiradi va bu qiymat mingdan ortiq mahsulotlar asosida hisoblanadi. Shuningdek, Obid Hakimov bu mustaqil bo‘lganimizdan beri taqiqlangan mavzu bo‘lganini ham tilga oldi, jurnalist va blogerlarni shov-shuvga berilmaslikka chaqirdi.
Shunday bo‘lsa-da, turli-tuman soliqlar paydo bo‘layotgani shov-shuvga berilmaslikka imkon qoldirmayapti. Jumladan, elektrli kichik transportlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi haqidagi xabar. Ha, endi elektrodvigatelining quvvati 4 kilovatt va undan ortiq yoki soatiga 40 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromotosikllar, elektroskuterlar va boshqalar) ham davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu haqda 5-noyabr kuni e’lon qilindi. Ro‘yxatdan o‘tkazilsa, uyog‘i soliqqa tortishga bir qadam. To‘g‘ri, bu hali aytilgani yo‘q.
Shuningdek, benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun maxsus yig‘im joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu miqdor yonilg‘i narxiga qo‘shib yuboriladi. Shunisi “taskin beradiki”, mazkur yig‘im turi 2019-yil 1-yanvarga qadar ham amalda bo‘lgan. O‘shanda benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq o‘rniga oxirgi iste’molchiga benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni realizatsiya qilayotganda undiriladigan aksiz solig‘i joriy etilgan edi.
Navbatdagi soliq mehnat muhojirlariga qaratilgan. “2021-yilning 1-yanvaridan boshlab mehnat migrantlari o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar sifatida ro‘yxatga olinadi va belgilangan tartibda soliq to‘laydi”, deb yozdi kecha “Qalampir.uz” sayti. Ammo bugun izoh berilishicha, bu majburiy emas, ixtiyoriy bo‘ladi. Qolaversa, mehnat muhojiri kelajakda ish staji bo‘yicha pensiya olmoqchi bo‘lsa-yu, ish stajiga qanchadir yil yetmasa, bu normadan foydalanishi mumkin. Masalan, mehnat migranti O‘zbekistonda bir muddat rasman ishlagan, lekin keyinchalik Rossiyaga ketib, tirikchilik qilmoqda. O‘sha odam ertaga pensiyaga chiqayotgan payti yetmayotgan ish staji yillarini shu yo‘l bilan qoplab olishi mumkin bo‘ladi. Qisqasi, xavotirga o‘rin yo‘q.
Hozircha, yiqqanimizni baham ko‘rdik. “Daryo”da qoling. Vaksinaga yetishgunimizgacha omon bo‘ling.
Izoh (0)